Qirda o‘tdi onlayn darslar: Yosh avlod qachongacha internet to‘lqinini izlab sarson bo‘ladi?
Yurtimizda e’lon qilingan karantin sabab barcha ta’lim muassasalarida darslar onlayn olib borildi. Maktab o‘quvchilari va maktabgacha ta’lim muassasalari uchun televideniyeda darslar o‘tilgan bo‘lsa, oliy ta’lim muassasalari internet tarmog‘ida platformalar orqali darslar tashkil etildi. Darslarni baholash, nazorat ishlari onlayn, telegram kanallari orqali olib borildi.
Farzandlarimiz karantin bo‘lsa-da, ta’lim olishdan uzilmadi. Ammo ayrim hududlardagi jarayon ishtirokchilari - o‘quvchilar, o‘qituvchilar va talabalar uchun onlayn o‘qitish tizimi katta qiyinchilik, ovoragarchilik, sarsongarchilikka olib keldi.
Samarqand viloyati Paxtachi tumani Fay mahallasida yashovchi hamqishloqlarimning onlayn darslar jarayonida duch kelgan muammolarini ko‘rib, bu haqda yozishga qaror qildim.
- Qayerga? - so‘raydi ota farzandidan.
- Darsim boshlanadi qirga ketyapman, - javob beradi sho‘rlik talaba. O‘quvchilardan biri maktab hududiga oshiqadi, uyga vazifalarni tezroq ustoziga yuborib, baho olish uchun. Yana kimdir Narpay kanali ustiga yuguradi. Chunki mahallamizdagi shu joylarda internet tezligi biroz yaxshi. Bu holatni ko‘rib, hayratlanmay iloj yo‘q. Chunki qishloq joyda internet tarmog‘iga ulanib, dars qilishning o‘zi bir murakkab jarayon.
Shu o‘rinda, mutasaddilarga savol bermoqchiman. Qishlog‘imizda qachon internet muammosi hal etiladi? Mahallaning o‘quvchi, o‘qituvchi yoki talabalari o‘zining shinamgina uyida yoki hovlisida internetdan foydalangan holda darslarda ishtirok etishga haqli emasmi? Qachongacha qir-adirda, maktab hududida yoxud ko‘prikda internet izlab sarson bo‘lishadi?
Jamolbek SALOMOV.