“Qishloq qurilish bank” karantindan oldingi va keyingi kredit to‘lovlarimizni nega tan olmayapti?
Joriy yilning 17 dekabr kuni “Yoshlar uyi”da istiqomat qiluvchilarga nega “Qishloqqurilishbank” xodimlari karantin davridagi kredit qarzdorligini biryo‘la to‘lashni talab qilyapti?” mazmunidagi murojaatim e’lon qilingan edi.
22 dekabr sanasida ushbu nashr orqali “Qishloq qurilish bank” ATB Samarqand mintaqaviy filiali boshqaruvchisi T.Shodiyev tomonidan “Murojaatchi mart oyidan buyon kreditga hisoblangan foiz to‘lovlarini amalga oshirmagan” sarlavhasi bilan berilgan munosabati ensamni qotirdi.
Holbuki, pandemiya davridan keyin - oktyabr oyidan boshlab (7.10.2020 yil 1.000.000 so‘m, 5.11.2020 yilda 1.000.000 so‘m, 4.12.2020 yilda 1.450.000 so‘m, 21.12.2020 yilda 700.000 so‘m, jami 4.150.000 so‘mni) kredit to‘lovlarini amalga oshirganmiz. Bu haqdagi to‘lov qog‘ozlarini ilova qilaman.
Endi bizga bank tomonidan yo‘llangan “Sudgacha ogohlantirish xati”da “shu paytgacha bo‘lgan to‘lovlarni mutlaqo amalga oshirmagan”, degan asossiz ayb qo‘yilmoqda. Bu borada ham qo‘limizda 2019 yilning sentyabr oyidan boshlab, 2020 yilning fevral oyigacha bo‘lgan to‘lov kvitansiyalari mavjud.
Munosabat matnida “ATB “Qishloq qurilish bank” boshqaruvining 2020 yil 6 apreldagi № 8-sonli va 2020 yil 27 maydagi №16-sonli yig‘ilish bayonlarida Covid-19 pandemiyasi tufayli qiyinchilikka uchragan jismoniy shaxslarning joriy yil aprel-sentyabr oylari davomida qaytarilishi lozim bo‘lgan kredit to‘lovlarining asosiy qarz qismi 2020 yil 1 oktyabr sanasiga qadar kechiktirilishiga hamda kredit shartnomasining oxirgi muddatini mos davrga uzaytirilgan holda to‘lanishiga rozilik berilgan. Foiz to‘lovlari uchun esa kredit ta’tili joriy etilmagan”, deyilyapti. Shunday bo‘lgan taqdirda nega pandemiya davri, deb hisoblanuvchi aprel-sentyabr oylarida bankning biror xodimi kredit foizi masalasida mijozlarga qo‘ng‘iroq qilib, to‘lashi lozimligi haqida ogohlantirmadi? Shu o‘rinda bank xodimlari “Uch kun ichida to‘lang”, deyishga qonunan haqlimi?
Bank mutasaddisi xodimlarining mijozlarga nisbatan qo‘pol muomalasi, “to‘lamasang, sudga beraman”, degan dag‘dag‘alari haqida munosabat bildirmasdan, e’tiborni pandemiya davrida olgan ish haqimizga qaratgani ajablanarli.
Holbuki, butun dunyo aholisini sarosimaga solgan bu kasallik bizning oilamizni ham chetlab o‘tmadi. Ketma-ket farzandlarim, o‘zim va turmush o‘rtog‘im shu dard bilan kurashdik. Bankning mutasaddi xodimlari dori-darmonga qancha, ro‘zg‘orga qancha xarajat qilganimizni ham batafsil hisob-kitob qilganlarida oilaviy byudjetimizdagi kirim-chiqim xarajatlardan kredit uchun orttirolmay qolganimizga amin bo‘lishardi.
Yana shu savolni takrorlayman, bank xodimlari pandemiya davrida to‘lanmagan kredit summasini biryo‘la to‘langlar, deyishga haqlimi?
Zarina RAHMONOVA.