Qo‘shrabotda tayyor kiyimlar, Narpayda trikotaj mahsulotlari tayyorlanmoqda
Keyingi yillarda viloyatimizda ham yengil sanoat tarmog‘i ancha rivojlandi. Bugungi kunda tarmoqda 269 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan hozirga qadar 1300,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Yengil sanoatda tarmoqlarning yanada kengayayotganligi, sohaga yangi-yangi texnologiyalarning kirib kelishi, istiqbolli loyihalarning keng joriy etilishi yutuqlar omili bo‘lmoqda.
Shu yilning iyun oyida Jomboy tumanida qiymati 112 milliard so‘m bo‘lgan "Trikotaj mato" ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Natijada 400 kishi ish bilan ta’minlanib, yiliga 28,2 milliard so‘mlik tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Bundan tashqari, joriy yilning o‘tgan besh oyi mobaynida qiymati 89,7 milliard so‘mlik 10 ta loyiha ish boshladi, 551 ta ish o‘rni yaratildi.
- Bugina emas, Urgut tumanida "Nur Sam Qur" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 3,1 milliard so‘mlik tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi o‘zlashtirildi, - deydi viloyat iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmasi mutaxassisi Suhrob Suyunov. - Samarqand tumanida momiq sochiq, Qo‘shrabot tumanida milliy tikuv kiyimlari, Oqdaryo tumanida bolalar uchun har xil turdagi tekstil buyumlari, yumshoq o‘yinchoqlar, bolalar mebellari, Narpay tumanida paypoq va trikotaj mahsulotlari, Samarqand shahrida sintetik toladan ko‘rpalar ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirildi.
Boshqacha aytganda, o‘tgan davr mobaynida yengil sanoatchilarimiz tomonidan 9,4 ming tonna ip-kalava, 20 144 ming metr kvadrat gazlama mato, 11 445 ming dona tayyor tikuv buyumlari, 60 million juft paypoq, 26,077 ming kvadrat metr gilam va gilam mahsulotlari ichki hamda xorij bozorlariga yetkazib berildi. Boshqa turdagi yengil sanoat mahsulotlari 166,8 milliard so‘mni tashkil etdi.
Bugungi kunda tadbirkorlikka yaratilayotgan imkoniyat hamda soha fidoyilarining izlanuvchanligi, yangilikka intiluvchanligi bois tarmoqda yangi-yangi zamonaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.
- Korxonamiz bundan to‘rt yil oldin faoliyat ko‘rsata boshlagan edi, - deydi Urgut tumanidagi "Smart hygiene jacilities" korxonasi rahbari o‘rinbosari Dilmurod Karimov. - 2018 yilning oktyabr oyidan "Urgut" erkin iqtisodiy zonaga birlashdik va qisqa vaqt ichida turkiyalik investorlar ishtirokida qiymati 4 million 50 ming AQSh dollariga teng ikkita loyihani o‘zlashtirdik. Biz asosan hududimiz uchun yangilik hisoblangan bolalar tagliklari, ayollar gigiyenik vositalari hamda namli salfetkalar ishlab chiqaryapmiz. Hozir mahsulotlarimizga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Ya’ni, Urgut mahsulotlari o‘zimizdan tashqari Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Afg‘onistonga eksport qilinmoqda. Darvoqe, korxonamiz nomi inglizchadan tarjima qilinsa "Aqlli gigiyenik buyumlar", deyiladi. Bizni bu quvontiradi.
Yana shunday korxonalardan biri Jomboy tumanida ish boshlamoqda. "Jomboy Poyabzal savdo" deb nomlanuvchi jamoa faoliyati poyabzal hamda turli sumkalar ishlab chiqarishga qaratilgan.
- Bugungi kunda Ispaniya, Turkiya va Germaniya ishbilarmonlaridan uskuna-jihozlar olib kelish ustida ish olib boryapmiz, - deydi korxona rahbari Ibrohim Karimov. - Italiyalik investorlar birinchi bo‘lib biz bilan hamkorlikni ma’qullashdi. Joyimiz yaxshi, tabiiy gaz, suv bilan ta’minlanganmiz. Uskuna-jihozlar keltirilib o‘rnatilgach, mahsulot ishlab chiqarishni boshlaymiz.
Yaqinda korxonamiz vakillari Janubiy Koreyada bo‘lishdi. U yerda mezbon tadbirkorlar mahsulotimizga katta qiziqish bildirishdi. Albatta, bu mas’uliyat bilan ishlashga, xalqaro andazalarga mos, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga da’vat etadi.
Adham HAYITOV,
"Zarafshon" muxbiri.