Qo‘shrabotlik deputatlarni kim “uyg‘otadi”?

Yoki hamon eski tartibda ishlayotgan Kengash haqida

 Mahalliy vakillik organlari xalq bilan bevosita muloqot qiluvchi, joylardagi dolzarb masalalarning yechimini topishda nazorat faoliyatini amalga oshiruvchi, asosiysi, xalq va davlat o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini bajaruvchi muhim vosita hisoblanadi.

Chunki xalq deputatlari mahalliy Kengashlari mahalliy vakillik organi sifatida quyi bo‘g‘indagi muammolarni bevosita aniqlash, tahlil qilish va hududdagi mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda ularni bartaraf etish bo‘yicha maqbul takliflarni berish imkoniyatiga ega.

So‘nggi yillarda mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar mustahkamlanmoqda. Xo‘sh, uning samarasi qanday bo‘lyapti? Joylarda kutilgan natijalarga erishilyaptimi?

Shu kabi savollarga javob topish maqsadida xalq deputatlari Qo‘shrabot tumani Kengashi faoliyati bilan tanishdik.

Odob o‘rgatuvchi beparvo bo‘lsa

Aslida Kengash faoliyatini jonlantirish, deputatlarni belgilangan talab va qoidalarga rioya qilishlarini ta’minlashda Reglament va deputatlik odobi masalalari doimiy komissiyasining alohida o‘rni bor. Biroq Kengash kotibiyatidagi komissiya hujjatlar yig‘ma jildida saqlanayotgan hujjatlar ularning o‘ziga ko‘mak zarurmasmikan, degan savolni uyg‘otadi. Negaki, birinchi yarim yillik uchun bor-yo‘g‘i 5 banddan iborat ish reja tuzilgan. Qaysidir yig‘in yoki mutasaddi tomonidan tasdiqlanmagan ish rejada belgilangan vazifalarning faqat 2 tasi bajarilgan. Afsuski, ular ham to‘liq ijro etilmagan. Bajarilmagan vazifalar ham aslida oddiy masalalar emas.

Masalan, mavjud vakolatlardan kelib chiqib, xalq deputatlari tuman Kengashi doimiy komissiyalari tomonidan 1-chorak davomida amalga oshirilgan ishlar hisobotini eshitish rejalashtirilgan. Amalda esa nima uchundir bu masala katta mas’uliyatga ega bo‘lgan doimiy komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmagan.

Avvalo, deputatlarning o‘zi Kengash saylovchilarning xohish-irodasini ro‘yobga chiqaruvchi organ ekanligini teran anglab olishlari zarur. Bu sessiyalar orqali ko‘pchilikning ishonchini qozonib, vakillik organiga saylanganlarning ovoz berishi orqali amalga oshirilishini tushunishlari lozim.

- Ish rejamizdagi 5 ta masaladan 3 ta emas, 2 tasi bajarilmagan, - deydi Reglament va deputatlik odobi masalalari doimiy komissiyasi raisi Quroqboy Sindorov. - Chunki iyundami yoki iyuldayam yig‘ilish o‘tkazgandik. Lekin yig‘ilish bayonini “papka”ga tikmaganmiz.

 

Sessiya qo‘l ko‘tarib tushiradigan yig‘inmi?

Xalq deputatlari Qo‘shrabot tumani Kengashi faoliyati bilan tanishar ekanmiz, bu savol hamon dolzarb ekanligiga guvoh bo‘ldik. Vaholanki, konstitutsion islohot davomida vakillik organlarining huquqiy maqomini yanada kengaytirish choralari ko‘rilyapti. Demak, endi mahalliy Kengash, shu jumladan, deputatlarning ham mas’uliyati oshadi.

Afsuski, amalga oshirilayotgan va kutilayotgan demokratik islohotlar samarasi Qo‘shrabot tumanida deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Chunki xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati mutaxassisi bilan joriy yilda o‘tkazilgan 35 dan 47 gacha bo‘lgan sessiyalarga xalq noiblarining ishtirokini tahlil qilib chiqdik. Ajablanganimiz, mazkur 13 ta sessiyaga bor-yo‘g‘i 14 nafar (jami deputatlarning yarmi ham emas) deputat uzluksiz ishtirok etgan. Bu vakillik organiga saylangan xalq noiblari o‘zlarining boshqaruv yig‘ilishiga nisbatan bepisand munosabatda ekanligini ko‘rsatmaydimi? Chunki aynan sessiya Kengashning ishchi organi, unga sababsiz ishtirok etmaslik tegishli chora ko‘rishga sabab bo‘lishi mumkin.

To‘g‘ri, buning uchun masala sessiyaga kiritilishi, ungacha esa Reglament va deputatlik odobi masalalari doimiy komissiyasida muhokama qilinishi zarur. Xalq deputatlari Qo‘shrabot tumani Kengashining befarqligi, qolaversa, Kengash kotibiyati mudiri lavozimi yil boshidan buyon vakantligi bu amaliyot qo‘llanishiga to‘siq bo‘lyapti. Tahlil qilingan 13 ta sessiyadan 10 tasiga qatnashmagan deputatlarga nisbatan hech qanday ta’sir chorasi ko‘rilmagani ham bunga yana bir misol emasmi?

 

Doimiy bo‘lmagan komissiyalar

Yil boshidan buyon 14 ta sessiya o‘tkazilgan.

Ammo deyarli barcha masala sessiya avvalida doimiy komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqilmagan. Ya’ni, amaldagi tartibga rioya qilinmagan.

- Ayrim masalalar doimiy komissiyalar tomonidan muhokama qilinib, so‘ng sessiya kun tartibiga kiritilgan, - deydi Kengash kotibiyati mutaxassisi Dovud Shoyqulov. - Masalan, maktab direktorligiga nomzodlar, albatta, tegishli doimiy komissiya tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqiladi.

O‘zi umuman, Kengash faoliyati bilan yaqindan tanishish uchun kotibiyatda mavjud hujjatlar yetarli emas. Chunki ayrim doimiy komissiyalarning ish hujjatlari yig‘ma jildi yo‘q. Aslida har bir deputat muayyan doimiy komissiyaga, komissiya esa o‘z navbatida Kengashga hisobdor.

Masalaning bu tomonlari haqida na deputatlar, na Kengash kotibiyati xodimlaridan tayinli javob olasiz. Shu o‘rinda aytib o‘tish lozim, Kengashda mavjud barcha partiyalarning deputatlik guruhlari mavjud. Ammo ularning hech biri yil boshidan buyon o‘tkazilgan 50 ga yaqin sessiyaga aqalli bitta masala kiritmagan. Taajjub, saylov oldidan katta-katta dasturiy maqsadlarni keng ommaga taqdim qilgan jamoatchilik faollari nega ulardan birontasi uchun harakat qilishmagan?

Hamon qo‘lsiz hokimlik

Yuqorida aytdik, xalq deputatlari Qo‘shrabot tumani Kengashi sessiyalari bundan 5-6 yil avvalgi davrlardagidek “xo‘jako‘rsin”ga o‘tkazilyapti. Ularda qabul qilingan qarorlar ijrosi esa yetarli darajada tashkil qilinmagan.

Fikrimizcha, sessiyalar yuzakiligi, doimiy komissiyalarning amaldagi tartibga rioya qilmasligi, aniqrog‘i, sessiya kun tartibiga kiritiladigan masalani Kengash darajasida muhokama qilish shartmi-yo‘qligi o‘rganilmasligiga qator sabablar bor. Masalan, doimiy komissiyalar yig‘ilish o‘tkazadigan xona talab darajasida jihozlanmagan.

Aslida Kengashlar faoliyatini jonlantirish maqsadida kotibiyat tashkil qilinishidan avval bu masala tuman hokimligining tegishli bo‘limlari zimmasiga yuklatilgan edi. Vazifa to‘liq ijro etilmaganligini hokimlikning tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Tohir Jahonov quyidagicha izohladi:

- To‘g‘ri, kotibiyat uchun yuqori sharoit yaratilmagandir, ammo ishlash uchun zarur imkoniyat bor, - deydi T. Jahonov. - Masalan, bitta xonada bo‘lsa-da, kotibiyat mudiri va 2 nafar mutaxassi avtomatlashtirilgan texnik vositalar bilan ta’minlangan. Kitob va stendlar masalasi yaqin kunlarda hal etiladi.

Bundan tashqari, kotibiyatning 2 nafar xodimidan 1 nafari hokim rahbarlik qiladigan 1-sektor shtabiga biriktirilgan. Aniqrog‘i, vakillik organi xodimi bir vaqtning o‘zida ijro hokimiyati sektorida ham kotib vazifasini bajarmoqda. Bu holat Qo‘shrabotda mahalliy Kengashga “bormi-bor” qabilada munosabat bo‘layotganini ko‘rsatmaydimi?

Ilk sessiyani o‘tkazgan Kengash raisi va deputatlar bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rishadi, degan umiddamiz.

Yoqubjon Marqayev.