QVP, maktab va bog‘chalarni endi tadbirkorlar isitadi

Prezidentimiz joriy yilning 1 fevralida Andijon viloyatiga tashrifi davomida Bo‘ston tumanida ijtimoiy soha muassasalari issiqlik ta’minotini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishgan edi. 2023 yil 10 aprel kuni esa «Ijtimoiy soha ob’yektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Unda ijtimoiy soha ob’yektlaridagi isitish tizimlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash, ushbu ob’yektlarga issiqlik energiyasini uzluksiz yetkazib berish hamda energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Qarorda davlat va xususiy sheriklar tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar aniq belgilab berildi. Joriy yil 1 iyunga qadar ijtimoiy soha ob’yektlarining issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, davlat ekspertizasidan o‘tkaziladi, 1 iyulgacha loyihalar bo‘yicha konsepsiyalar tasdiqlanadi. Shu yilning 1 avgustidan tenderlarni tashkil qilish hamda xususiy sheriklarni shaffof va ochiq shartlarda tanlab, modernizatsiya ishlarini boshlash belgilandi.

- Mazkur qaror bilan viloyatimizda eksperiment tariqasida 6 ta tumanda joylashgan 871 ta ijtimoiy soha ob’yektlari, jumladan, 442 ta umumta’lim maktabi, 273 ta maktabgacha ta’lim, 100 ta sog‘liqni saqlash va 56 ta madaniyat, musiqa va sport muassasalari uchun tadbirkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik bitimlari tuziladi, - deydi viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Oqbo‘tayev. – Jumladan, Jomboy tumanida 116 ta, Narpay tumanida 147 ta, shuningdek, Toyloqda 128 ta, Kattaqo‘rg‘onda 198 ta, Samarqand tumanida 124 ta hamda Ishtixon tumanlaridagi 158 ta muassasa qamrab olinadi. Ayni paytda viloyatdagi barcha ijtimoiy soha muassasalari xatlovdan o‘tkazilib, texnik nuqson va kamchiliklar aniqlanmoqda. Qarorga ko‘ra, barcha isitish tizimi, issiq suv tarmoqlari, ko‘mirxona va pechlar ta’mirlanib, tayyor holga keltirilgach, tadbirkorlar ixtiyoriga o‘tkaziladi.

Rejaga ko‘ra, 2023 yilda Jomboy tumanida 56 ta, Narpayda 70 ta umumta’lim maktabi, Toyloq tumanida 15 ta, Kattaqo‘rg‘onda 19 ta tibbiyot muassasasi, Samarqand va Ishtixon tumanlarida 11 tadan madaniyat uyi, musiqa va sport maktablarining isitish tizimlari tadbirkorlar qo‘liga o‘tadi. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik shartnomasiga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tumanida 64 ta, Samarqand tumanidagi 42 bog‘cha yil yakunigacha zamonaviy isitish tizimlari bilan ta’minlanadi.

Shartnomaga ko‘ra, tadbirkorlar ijtimoiy soha ob’yektlarida O‘zbekistonda kamida bir yil sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va xizmat qilish kafolati kamida 15 yilni tashkil qiladigan qozonlarni o‘rnatishlari lozim. Loyihalarni amalga oshirishda mahalliy hokimliklar investitsiya mablag‘ining 50 foizini davlat byudjeti hisobidan qoplab beradi. Isitish ob’yektlari va tizimlari tadbirkorlarga bitimda belgilangan muddatda vaqtinchalik bepul foydalanishga beriladi.

Ekspluatatsiya xarajatlari o‘n yil muddatda davlat byudjeti hisobidan ajratib boriladi hamda xususiy sheriklar tomonidan bajariladigan ishlar va xizmatlar sifati doimiy nazorat qilinadi.

Dilmurod To‘xtayev.