Rossiya kompaniyasi Samarqand jamoat transporti tizimini qayta tashkil etadi
Viloyat qurilish bosh boshqarmasida Samarqand shahar transport tizimini raqamlashtirish bosh rejasining muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiyaning "SIMETRA" kompaniyasi tomonidan Samarqand shahri ko‘chalarining yangi, raqamlashtirilgan konsepsiyasi loyihasining taqdimoti o‘tkazildi.
Rossiyaning Sankt Peterburg shahrida faoliyat olib boruvchi mazkur kompaniya Moskva, Chelyabinsk, Olma ota, Kishinyov, Krasnodar kabi shaharlarda transport sohasida ishlab tajriba orttirgan.
Ayni kunlarda mazkur kompaniya mutaxassislari shahar ko‘chalaridagi holatni o‘rganib, tahlil qilmoqda. Samarqand shahri va uning atrofidagi 40 kilometr hududda jamoat transporti harakatini tartibga keltirish bo‘yicha reja ustida ish olib bormoqda.
- Samarqand tarixiy shahar bo‘lgani uchun ham tuzilayotgan loyihalarimiz boshqalardan butunlay farq qiladi, - deydi «SIMETRA» kompaniyasining yetakchi mutaxassisi Kristian Byottger. – Qadim shaharning jamoat transporti tubdan o‘zgarishi kerak. Turli davlatlardan kelayotgan sayyohlarga zamonaviy xizmat turlari tashkil etilmoqda. Jumladan, yo‘lovchi tashish xizmati ham shunga mos bo‘lishi kerak. Ishlab chiqayotgan rejamiz asosida jamoatchilik fikrini o‘rganamiz va yangi tizimni joriy yilning 1 sentyabrigacha tayyorlaymiz.
Samarqandda YuNESKO nazoratidagi madaniy-meros ob’yektlari juda ko‘p. Bu esa xorijlik mutaxassislar uchun yanada ko‘proq mas’uliyat yuklaydi.
- Samarqand shahriga kuniga tumanlardan 114 ming yo‘lovchi keladi, - deydi Transport vazirligi qoshidagi transport muammolarini o‘rganish markazi direktori Murod Obidov. - Shaharda harakatlanayotgan 500 dan ortiq jamoat transporti yordamida 140 mingdan ko‘proq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilmoqda. Ishlab chiqiladigan loyihada aynan mana shu omillar inobatga olinadi.
Yo‘llardagi tirbandlikning oldini olish uchun aniq reja asosida ishlash kerak. Chunki bu jiddiy muammo. Birgina Kaftarxona va Hazora avtobekatlari orqali shaharga kuniga 70 mingdan ortiq yo‘lovchi keladi. Bu bekatlardan harakatlanayotgan 40 ta yo‘lovchi marshrutlari esa Universitet xiyobonida kesishadi. Shu sababli xiyobon atrofidagi yo‘l 90 ta avtobus harakatlanadigan maxsus yo‘lga aylantirilishi mumkin. Bu esa avtobuslar harakati tezligini oshirishga va yo‘lovchilarda shaxsiy transportdan ko‘ra jamoat transportidan foydalanish yaxshiroq degan tushuncha paydo bo‘lishiga olib keladi. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida jamoat transporti uchun maxsus yo‘lak tashkil etish orqali ularning harakat tezligini uch baravarga ko‘paytirish mumkin.
To‘plangan ma’lumotlar asosida bir nechta zamonaviy loyihalar ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladigan bo‘ldi.
Dilmurod To‘xtayev.