Samarqand dalalarini sug‘orishga yo‘naltirilgan suvning 15 foizi behuda sarflanyapti
O‘tgan kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida hisobot bergan “Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i F.Rajabov bu haqda aytib o‘tgan.
Ta’kidlanganidek, mintaqamizda suv tanqisligi bilan bog‘liq vaziyat yildan-yilga murakkablashib bormoqda. Jumladan, bu yil o‘tgan yilga nisbatan deyarli barcha hududlarda suv miqdori kamaygani jiddiy qiyinchilik keltirib chiqardi. Xususan, 2019 yil sug‘orish mavsumida Zarafshon daryosidan eng ko‘p kelgan suv sarfi 660 metr kub/s.ni tashkil etgan. Joriy yil sug‘orish mavsumida esa bu ko‘rsatkich 302 metr kub/s. bo‘lgan.
Bunday sharoitda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, xususan, mavjud ekin yer maydonlari va tomorqa yerlardan unumli foydalanish, yiliga kamida 2-3 martadan hosil olishning birdan-bir yo‘li suvdan foydalanishda ilm-fanni tatbiq etish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilishdan iborat.
Shu ma’noda, fermer va klasterlarga tomchilatib sug‘orish joriy qilingan 1 gektar yer uchun 8 million so‘m, 1 gektar yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi uchun 4 million so‘m hamda 1 gektar diskertli sug‘orish texnologiyasi uchun 1 million so‘m subsidiya berilishi belgilangan.
Bundan tashqari, tomchilatib sug‘orish tizimi qo‘llaniladigan yerlar - tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan oyning boshidan e’tiboran besh yil muddatga yer solig‘idan ozod qilingan.
Qayd etilishicha, viloyatda bugungi kungacha mavjud yer maydonlarining 34 ming gektari yoki 9 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Jumladan, 21,6 ming gektar, shundan, 6 ming 68 gektar paxta, 10 ming 853 gektar bog‘, 2 ming 768 gektar uzum va 1912 gektar sabzavot maydonlarida tomchilatib, 120 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, 12,4 ming gektar paxta va g‘alla maydonlarida ko‘chma egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, paxta maydonlarini egatlab sug‘orishda yiliga qariyb 400-450 million metr kub yëki 15 foiz suv dalada behuda sarflanmoqda.
Tahlillarga asosan, 4 ming 500 gektar paxta maydoni an’anaviy yo‘l bilan sug‘orilganda o‘rtacha 28 million 350 ming kub metr, tomchilatib sug‘orish joriy qilinganda esa 17 million 250 ming kub metr suv sarflanadi. Ya’ni, tomchilatib sug‘orish orqali 11 million 100 ming kub metr suv tejalishiga erishiladi.
Bundan tashqari, shox ariq va o‘qariqlar olinishi hisobiga yo‘qotiladigan g‘o‘za maydonidan ham hosil olish imkoniyati paydo bo‘ldi. G‘o‘za maydonlarining 5-6 martalab kultivatsiya qilinishiga hojat qolmaydi. O‘z navbatida, mexanizator, chopiqchi va suvchilarga to‘lanishi kerak bo‘lgan ish haqi ham iqtisod qilinadi.
Shuningdek, yangi sug‘orish texnologiyasi qo‘llanilganda mineral o‘g‘itlarning g‘o‘zaga ta’siri 90-95 foizgacha maqsadli sarflanadi. G‘o‘za maydonlari bir tekisda va o‘z vaqtida sug‘orilishi hisobiga ortiqcha g‘ovlab ketishining oldi olinib, paxtaning hosildorligi ortadi.
Shu bois, 2021 yilda viloyat bo‘yicha 29,1 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish rejalashtirilgan. Jumladan, 19,1 ming gektar maydonda tomchilatib, 183 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish va 9,8 ming gektar maydonlarni lazerli uskuna yordamida tekislash belgilangan.
Tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish rejalashtirilgan 19,1 ming gektar maydonlarning 13,3 ming gektarini paxta, 2,5 ming gektarini bog‘, 3,03 ming gektarini tok va 313 gektarini boshqa qishloq xo‘jalik ekinlari tashkil etadi.
Hisobotga ko‘ra, bugungi kunda Samarqand shahridagi “Asar Mak San”, “Sag Agro” va Urgut tumanidagi “Ur Gaz” MChJlar bir yilda 20 ming gektarga yetarli suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.