Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi xodimlari Sayiltepada arxeologik qazishma ishlarini boshladi
Sayiltepa Payariq tumanining "G‘allakor" mahalla fuqarolar yig‘ini hududi joylashgan. Ushbu qadimiy joy To‘sinsoyning irmoqlaridan biri bo‘lgan Yuqorisoy bo‘yidagi ikki pog‘onali tepalik.
Bu yer maydoni 98x64 metr, pastki pog‘onasining balandligi 14 metr, yuqori pog‘onasining balandligi esa 16 metrni tashkil etadi.
- Bu yerda dastlabki arxeologik kuzatuv ishlar o‘tgan asrning 80-yillarida olib borilgan, - deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tarix va etnografiya bo‘limi mudiri Sanjar Abdurahimov. - 1986 yilda maktab o‘qituvchisi P.Karimov Sayiltepadan taxminan 400 metr masofadagi maktab hududidan odam suyaklari va ostadon parchalari topilganligi to‘g‘risida Samarqand arxeologiya institutiga xabar bergan.
Shundan so‘ng bu yerda dastlabki kuzatuv va ro‘yxatga olish ishlari olib borilgan. Aniqlangan ashyolar Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi arxeologiya fondiga topshirilgan. Ular 100 ga yaqin ashyolar, piyola, kosa, har xil uy-ro‘zg‘or buyumlari, ko‘zalar, shisha buyumlar, sopol haykalchalar, ostadonlardan iborat. Ularning aksariyati yurtimizga Islom dini kirib kelgunigacha bo‘lgan davrga taalluqli.
Mana shu ashyolarni to‘liq tadqiq etish maqsadida Sayiltepada arxeologik qazishma ishlarini boshladik. Birinchi kuniyoq hayvon suyaklari, har xil davrga oid sopol buyumlardan iborat topilmalarni aniqladik.
Qazishma ishlari shu yilning oxiriga qadar davom etadi.