Samarqand havosi ifloslanmagan(mi)?
Samarqand ob-havosini filtrlab beradigan tabiiy jarayon hamma joyda ham uchramaydigan noyob bir hodisa sifatida baholanishi rostmi? Past Darg‘omda quyoshdan kelayotgan ultrabinafsha yorug‘lik nurlaridan hosil bo‘lgan elektr energiyasini yetkazib beruvchi qurilma qurilishi nega to‘xtab qoldi? Ekologlar ko‘pchilik o‘ylaganday faqatgina daraxtlarni kesayotganlarni jarimaga tortish bilan emas, sohaga oid yirik ishlarni ham amalga oshirayotgani haqida bilasizmi?
Xullas, savollar ko‘payib ketdi… Lekin ularning javoblari siz kutganingizdan qiziq va muhim ekanligini oldindan aytib qo‘yishni lozim topdim. Savollarga ekologiya sohasida uzoq yillardan beri mehnat qilayotgan, shu sohaga oid qator huquqiy hujjatlarga takliflari kiritilgan mutaxassis, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i To‘raxon Hoshimov javob beradi.
- Uzoq yillik mutaxassis sifatida aytingchi, o‘tgan o‘n yillarda sohada nimalar o‘zgardi? O‘zgarishlar ijobiy tomondami yoki aksincha?
- Endi ish boshlagan yillarimiz, ya’ni o‘tgan asrning 90-yillarida sohaga oid biror huquqiy hujjat yo‘q edi. 1992 yilda mustaqil mamlakatimizda tabiatni muhofaza qilishga oid ilk qonun qabul qilindi. Shundan keyin sohaga oid o‘nlab huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi. Soha bosqichma-bosqich takomillashib boraverdi.
2000 yillarga kelib, ekologiya sohasida qoida buzganlarga ma’muriy javobgarlik belgilash ekologiya mutasaddilari tomonidan amalga oshirila boshlandi. Keyingi yillarda ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi, qoidabuzarliklar haqida ma’lumotlar o‘z vaqtida yetkazilishi natijasida ekologiyaga yetkazilayotgan ziyon uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, sohaga ekologik sertifikatlashtirishning joriy etilishi ham katta yangilik bo‘ldi. Ushbu yo‘nalish ishlab chiqarish korxonalarining ekologik sertifikatsiyasi jarayonlarini yo‘lga qo‘yishga olib keldi. Ya’ni korxona bir qator mezonlar, xususan, atmosferaga belgilangan me’yordan kamroq zararli tashlamalarni chiqarish, tabiiy xom ashyoni ishlatish, kam chiqitli ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kabi qator shartlariga rioya qilgan holda ushbu sertifikatga ega bo‘ladi. Bunday sertifikat esa tabiiyki, ishlab chiqarishning tabiatga ziyonini yildan-yilga kamaytirib bormoqda.
- Ushbu sertifikat tadbirkorga biror imtiyoz ham beradimi?
- Mahsulotini eksportga chiqarmoqchi bo‘lgan korxona uchun bu juda katta imtiyoz. Sababi, xorijda xalqaro andazalarga javob beruvchi ushbu sertifikati bor tashkilot mahsuloti albatta xaridorgir bo‘ladi. Ekologiyaga kam zarar yetkazuvchi texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish korxonaga ham foydalidir.
- Lekin unday texnologiyalar narxi ham ancha baland bo‘ladi-da, shundaymi?
- Albatta. Ammo tadbirkor u yoki bu mahsulot ishlab chiqarishni reja qilar ekan, undan daromad olishni istaydi. Xorijga uskuna sotib olish uchun borgan tadbirkor bir xil mahsulotni bir xil sifat bilan ishlab chiqaruvchi bir nechta uskunalardan arzonrog‘ini, cho‘ntagi ko‘taradiganni sotib oladi. Unga taqdim etilgan (ba’zida hatto taqdim etilmagan) ishlab chiqarish uskunalari orasida ancha qimmat, ammo mahsulotni bir kunda undan ko‘ra o‘n, hatto yuz baravar ko‘proq ishlab chiqaradigan uskunalar bo‘ladi. Bu ham energiya tejovchi, ham iqtisodiy jihatdan foydali, ham ekologiyaga ancha kam zarar yetkazuvchi texnologiyadir. Tadbirkor nisbatan arzonroq uskuna bilan ish boshlagach, mahsulotini sotishga qiynalib qoladi. Nega desangiz, unday mahsulot allaqachon xorijda, samaradorlikka ega bo‘lgan yangi uskuna yordamida ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tannarxi ancha arzon. Uni olib kelib sotish, mahalliy tadbirkorning ishlab chiqarishidan ko‘ra arzonroqqa tushadi. Bunday holatlarni samarqandlik tadbirkorlar ham bir necha bor boshidan o‘tkazgan.
- Mavzuni yana bir uskuna, muqobil energiya turlaridan biri bo‘lgan quyosh panellari bilan o‘zgartirsak. Nega keyingi paytlarda ekologik jihatdan xavfsiz, arzon elektr manbai, quyosh panellari haqida fikr bildirilmayapti? Qolaversa, Past Darg‘om tumanida yirik, quyosh quvvati bilan ishlaydigan stansiya qurilishi ishlari ham to‘xtab qoldi.
- Energetika sohasi doim davlat nazorat qiladigan soha bo‘lib kelgan. Ammo keyingi yillarda bu sohada ham o‘zgarishlar ro‘y berdi. Elektr energiyasini davlat sherikchiligida ishlab chiqarishga ruxsat berildi. Natijada o‘tgan yil viloyatda 5 ta mini GES qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu ishlar davom etmoqda. Yurtimizning quyoshli ob-havosi tufayli quyosh panellari arzon, xavfsiz elektr energiyasi olishning eng maqbul usullaridan biridir. Past Darg‘om tumani hududida 405 gektar maydonda tashkil etilishi belgilangan quyosh nuri asosida elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan majmuada ayni paytda 6,5 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirilgan. Ammo Xitoydan keltirilishi mo‘ljallangan, quyosh energiyasini ishlab chiqaruvchi uskuna yuqorida ta’kidlaganimdek, ba’zi parametrlari bo‘yicha so‘nggi rusumdagi muqobil uskunalardan pastroq ko‘rsatkichda ekanligi aniqlandi. Shuning uchun endilikda bu sohadagi zamonaviy texnologiyani kiritish maqsadida ishlar tugallanishi belgilangan vaqtdan o‘tib ketdi. Kattaqo‘rg‘on tumanida ham shu kabi, ammo 200 million kVt energiya ishlab chiqaruvchi quyosh panellari qurilishi rejalashtirilgan.
Umuman, energetika sohasi ayni kunlarda chuqur tahlilga, aniq statistik ma’lumotlarga juda muhtoj. Deylik, bir viloyatning energiya sohasida ehtiyoji qancha? Qanchasi o‘zimizda ishlab chiqariladi-yu, qanchasi boshqa viloyat orqali keladi, prognoz ko‘rsatgichlar qanchani tashkil qiladi, kabi savollarga javob topish, qolaversa, yuqorida ta’kidlanganidek, ijtimoiy sheriklik asosida muqobil energiya turlaridan quyosh, shamol, gidrostansiyalar, bioenergiyalar yordamida energiya ishlab chiqarishni rivojlantirish sohadagi muammolarni ancha yengillatgan bo‘lardi.
- Ekologiya sohasi xodimlari tomonidan atmosferamizning nechog‘lik musaffo ekanligi ham nazorat qilib boriladimi?
- Albatta. Shahar va tumanlarda maxsus kuzatuv punktlar mavjud bo‘lib, qator tashkilotlar hamkorligida atmosferadagi zararli moddalarning miqdori doimiy ravishda o‘lchab boriladi.
- Sir bo‘lmasa aytingchi, Samarqand havosi nechog‘lik ifloslangan?
- Sir emas va aytishim mumkinki, keyingi yigirma yil ichida Samarqandda zararli chiqitlarning atmosferadagi miqdori belgilangan me’yorlardan oshib ketish holati kuzatilmagan.
- Nahotki?!
- Hayron qolishingizga tabiiy. Ammo bu rost. To‘g‘ri, shahardagi ma’lum bir hududlarda, misol uchun Kimyogarlar sanoat hududida, Farhod shaharchasi kabi hududlarda bundan 4-5 yil avval atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar miqdori katta bo‘lgan. Ammo bu ham ma’lum hududlar evaziga butun viloyatning atmosferasi haqida xulosa berishga imkon bermaydi. Qolaversa, ayni kunlarda ushbu hududlardagi sanoat korxonalari zamonaviy, innovatsion texnologiyalar uskunalarini keltirish va yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan chang-gaz tozalash filtrlarini o‘rnatish evaziga atmosferaga zararli tashlamalarni chiqarish holatlari sezilarli kamaygan.
Bilasizmi, Samarqandning iqlimiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu yerda azaldan o‘ziga xos tarzda havoni tabiiy filtrlash jarayoni mavjudligi kishini hayratga soladi. Shaharda shamol janubi-g‘arbiy yo‘nalish bilan harakatlanib, havoni o‘ziga xos tarzda tozalaydi.
- Uzoq yillik ekolog sifatida bugun sizni quvontiradigan va tashvishga qo‘yadigan holatlar nimalardan iborat?
- Quvontirgani, sohaga e’tibor kuchaygani, u nimalarda ko‘rinayotgani haqida yuqorida ta’kidlab o‘tdim. Ekologiyaga oid qator huquqiy hujjatlarga berilgan takliflarim doim inobatga olib kelinayotgani mutaxassis sifatida meni quvontiradi. Xususan, O‘zbekistonda birinchi Ekologik kodeks ishlab chiqilishi bo‘yicha takliflarimiz ham inobatga olinib, yaqinda uni qabul qilish arafasida turibmiz. Ammo boshqa soha xodimlari singari ekologlar uchun xizmat ko‘rsatgan ekolog unvoni va davlat mukofotlari yo‘qligi biroz tashvishga soladi. Axir, bu sohada ham o‘z ishining fidoyilari talaygina. Hozir jamoatchilik asosida mehnat qilayotgan inspektorlar qatlami paydo bo‘lyapti. Hech qayerdan maosh olmaydigan, faol, fidoyi ekologlarimiz bor. Ularni ham rag‘batlantirib borish kerak, deb o‘ylayman.
- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!
Gulruh Mo‘minova suhbatlashdi.