Samarqand shahrida Turkiya Respublikasining Bosh konsulxonasi ochiladi
“O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (494-son, 18.08.2020 y.) qabul qilindi. Bu haqda huquqiy axborot kanali xabar bermoqda.
Qaror bilan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi hamda Turkiya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash, jumladan, chora-tadbirlar dasturining bajarilishini tahlil qiladi hamda undagi tadbirlar va loyihalarning ijrosida amaliy yordam ko‘rsatadi.
Qarorga ko‘ra, quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha Turkiya Hukumatining texnik ko‘magi kengaytiriladi va yetakchi turk ekspertlari jalb qilinadi:
- sog‘liqni saqlash infratuzilmasi ob’yektlarini boshqarish sohasidagi salohiyatini oshirish;
- seysmologiya sohasidagi institutsional va normativ-huquqiy bazani mustahkamlash, zamonaviy xalqaro standartlarni joriy etish;
- yo‘llar va yo‘l bo‘yi infratuzilmasini qurish hamda ulardan samarali foydalanish sohasida xalqaro standartlarni joriy etishga ko‘maklashish;
- “elektron hukumat” sohasida Turkiyaning eng yaxshi yechimlari va texnologiyalarini joriy etish.
2020 yil yakuniga qadar Samarqand shahrida Turkiya Respublikasining Bosh konsulxonasi ochiladi.