Samarqand shahridagi 81-maktabga o‘qituvchilar nega imtihon asosida qabul qilinyapti?

Samarqand shahar Qorasuv massivida qurilgan yangi maktab binosi 2021-2022 o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu maktabga o‘qituvchilar imtihon asosida saralab olinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Shuningdek, ayrimlarning norozilik kayfiyatidagi fikrlariga ham duch kelyapmiz. Bunga oydinlik kiritish maqsadida 81-maktab direktori Alovuddin Ochilov bilan bog‘landik.

- Maktabga ishga kirishni istovchi talabgorlar juda ko‘p - deydi u. - Dastlab bizga murojaat qilganlar soni 944 nafar edi. Bular ichidan eng bilimli o‘qituvchilarni saralab olish maqsadida ish.uzedu.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish haqida e’lon berdik. Negadir talabgorlardan 681 nafari ro‘yxatdan o‘tdi, ammo biz e’lonni viloyat xalq ta’limi boshqarmasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va boshqa saytlar orqali keng tarqatdik. Kecha, 26 iyul kuni Samarqand davlat universitetining fizika fakultetida talabgor o‘qituvchilardan test sinovlari asosida imtihon olindi. Imtihonni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish viloyat hududiy boshqarmasi tashkil etdi. Test natijalari, ya’ni o‘qituvchining to‘plagan bali imtihon so‘ngida kompyuter ekranida paydo bo‘lib, har bir pedagog o‘zi olgan baldan xabardor bo‘ldi. Hozircha 681 nafar talabgordan eng yuqori ball to‘plagan 97 nafar o‘qituvchi maktabga ishga qabul qilinadi. Keyinroq yana ehtiyoj bo‘lsa, qolgan talabgorlardan ham ishga olishimiz mumkin. 

Ma’lumot uchun: Maktabga matematika fanidan 54, informatika fanidan 32, fizika fanidan 29, kimyo fanidan 26, biologiya fanidan 54, geografiya fanidan 24, rus tili va adabiyoti fanidan 15, ona tili va adabiyot fanidan 68, o‘zbek tili fanidan 24, ingliz tili fanidan 106, tarix fanidan 43, huquqiy bilim asoslari fanidan 11, tarbiya fanidan 15, iqtisod fanidan 2, tasviriy san’at fanidan 10, texnologiya fanidan 17, jismoniy tarbiya fanidan 26, musiqa fanidan 12, boshlang‘ich ta’lim fanidan 87 nafar pedagog hujjat topshirdi.

Xurshida Ernazarova.