Samarqand teatrlarida karantindan keyinga qoldirilgan premeralar...

Teatr insonga ma’naviy ozuqa beruvchi maskan, buyuk mutafakkir Behbudiy bobomiz aytganidek, ibratxona.

Bugun koronavirus pandemiyasi sabab aksariyat davlatlar aholi ko‘p to‘planadigan maskanlarni, jumladan, teatrlar faoliyatini ham vaqtinchalik to‘xtatdi. Dunyodagi aksar teatrlar spektakllarini onlayn namoyish etishni, videokonferens orqali ijodiy hamkorlikni davom ettira boshladi. Xo‘sh, bizda-chi? Teatr fidoyilari bugun nimalar bilan band?

Kamoliddin Qorjovov, viloyat musiqali drama teatri rahbari:

- Karantin bo‘lsa-da, jamoamiz uyda ham ish faoliyatini to‘xtatgani yo‘q. Bu yilgi 105-mavsumda tomoshabinlarga ko‘plab premeralarni taqdim qildik. "Yo‘qolgan yurak" musiqali dramasi, "Qirol Lir" fojiasi, "97-xona" dramasi hamda "Tanho yulduz" komediyasi shular jumlasidan. Mart oyida esa gruzin dramaturgi A.Sagareli qalamiga mansub “Xonuma” musiqali komediyasini havola etishni rejalashtirgan edik. Ammo karantin sabab mazkur premera keyinga qoldirildi.

Mazkur asar ko‘plab tillarga tarjima qilinib, dunyoning qator teatrlarida sahnalashtirilgan.

Bir qaraganda asar maishiy mavzuda yozilgan oddiygina tomoshaga o‘xshaydi. Ammo unda aks etgan voqealar, qahramonlar kechmishi, ruhiyati, o‘y-mulohazalari orqali o‘sha davr va xalq hayotining ko‘plab qirralari ochib beriladi. Jumladan, insonning obro‘ va boylik uchun har qanday qabihlikka qo‘l urishi, inson taqdiri va kelajagi ustidan boshqalarning hukmronligi borasida ochiq-oydin mushohadaga chorlaydi.

Shuningdek, bu yilgi premeralarimizni hamda eng sara, xalqimiz sevib tomosha qilgan spektakllarni karantin kunlari televideniye orqali namoyish etishni rejalashtirganmiz. Hozir barcha ijodkorlarimiz yangi spektakllar ustida ish olib boryapti. Bular, Shahobiddin Kalonxon qalamiga mansub “Jannatga surgun” komediyasi hamda Shahodat Isoxonova asari asosida sahnalashtiriladigan “Bibixonim” tarixiy-musiqali dramalari. Karantin tugagach, yangi kuch, yangi g‘ayrat bilan spektakllar namoyishini boshlaymiz.

Axmatullo Niyazov, viloyat rus drama teatri rejissyori:

- Aktyor spektakldagi obrazini 90 foiz o‘z ustida ishlab, 10 foizini sahnadagi ijro orqali yaratadi. Mahoratli aktyor obraz yaratar ekan, uni his qilishi, shu olamda yashashi, asarga kira olishi juda muhim. Sahnada uning ijrosi rejissyor, hamkasblari tomonidan tahrir va tahlil qilinadi.

Jamoamiz bilan mashhur fransuz teatr aktrisasi Sara Bernar ijodi haqida hikoya qiluvchi spektakl ustida ish olib boryapmiz. Sara Bernar dunyo sahnasi afsonasi hisoblanadi. Uning hayoti teatr, o‘ynagan rollari bilan bog‘liq. Rejissyor sifatida aktyorlarning ijro mahoratidan kelib chiqqan holda rollarni taqsimlaganmiz. Uning har bir ijrosini onlayn kuzatib, boshqa hamkasblar bilan ham videokonferens orqali ishlayapmiz. Asosiysi barchamiz izlanishdamiz.

Joriy yilning fevral oyida jamoamiz bilan Navoiy viloyatining bir nechta tumanlarida Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” spektaklini namoyish etdik. Tomoshabinlar katta qiziqish bilan kutib oldi. Demak, san’atga, teatrga yurtdoshlarimiz befarq emas. Hozirgi karantin kunlari jamoamiz tomonidan sahnalashtirilgan spektakllar saytimiz va ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etilyapti.

Botir Tugalov, Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri rahbari:

-  Teatrimiz bu yil 100-mavsumni qarshi oladi. Bir asr yashagan teatrda san’atning buyuk darg‘alari ijod qilgan, rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev maktabi izdoshlari hamon faoliyat yuritmoqda. Hozir jamoamiz karantin sabab oilalari bag‘rida faoliyatini davom ettirayapti. Karantin tugagach, Sharof Boshbekovning “Tentak farishtalar” asari asosida rejissyor Habib Abdullayev tomonidan sahnalashtirilgan spektaklimiz premerasini o‘tkazamiz.

Dramaturg Sh.Boshbekovning barcha asarlari hayotiy voqealikka asoslangan, ularning har birida hayotimizning bir nuqtasini ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, “Tentak farishtalar”da ham. Biz atrofimizdagi “tentak” deb atagan kishilar aslida beg‘ubor farishtalar ekanligi asarda mohirona ochib berilgan. Shuningdek, Alisher Navoiyning “Sabbai sayyor” dostoni asosida rejissyor G‘ofur Mardonov bilan hamkorlikda “Bahrom va Dilorom” spektaklini sahnalashtirishni rejalashtirganmiz.

Nasiba JONTO‘RAYeVA yozib oldi.