Samarqand tumanida kredit qarzdorligi uchun "MALIBU" avtomashinasi xatlandi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor M.M.dan undiruvchi ATB "Kapitalbank" foydasiga jami 291.101.710 so‘m kredit qarz undirish haqidagi ijro hujjati MIBning Samarqand tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Qarzdor M.M.ga tegishli bo‘lgan garovga qo‘yilgan "MALIBU" rusumli avtotransport vositasiga qaratish ijro varaqada ko‘rsatilgan.
Ijro hujjatida ko‘rsatilgan manzilga borilganda ushbu transport vositasi yo‘qligi aniqlanib, qidiruv to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Ijro harakatlari davomida garovga qo‘yilgan "MALIBU" rusumli, 2022 yilda ishlab chiqarilgan yengil turdagi avtotransport vositasiga davlat ijrochisining qaroriga asosan taqiq o‘rnatilgan.
"Olib borilgan ijro harakatlari davomida M.Muxtorovga tegishli bo‘lgan "MALIBU" rusumli avtotransport vositasi shu yil 14 may kuni Samarqand tumanida topilib, davlat ijrochisining dalolatnomasiga asosan xatlangan", deya xabar bermoqda MIBning Samarqand tumani bo‘lim boshlig‘i Erkaboy Hasanov.