Samarqandda 90 ta ob’yektda 91 milliard so‘mlik ishlar paysalga solinyapti. “O‘zsuvta’minot” AJ bu holatni nega jim kuzatmoqda?

Dasturdagi suv ob’yektlari tizim faoliyati va odamlar turmush tarzi yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etishini mutasaddilarga kim tushuntiradi?

Prezidentimizning 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 125 ta ob’yektlarda 504,8 kilometr uzunlikdagi tarmoqlar va 71 ta inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Bu ishlarini amalga oshirish uchun respublika byudjetidan 130,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Qaror ijrosi bo‘yicha “O‘zsuvta’minot” AJning “Suv ta’minoti va oqova suv ob’yektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” UK buyurtmachi, “Sayin suv inshootlari” MChJ qo‘shma korxonasi bosh pudrat tashkiloti, “O‘zbekkommunalloyihaqurilish” UK bosh loyiha tashkiloti etib belgilangan.

Joriy yil 3 may kuni buyurtmachi “Suv ta’minoti va oqova suv ob’yektlari qurilish bo‘yicha injiniring kompaniyasi” UK viloyat hududiy boshqarmasi bilan bosh pudrat tashkiloti “Sayin suv inshootlari” MChJ o‘rtasida 42,3 milliard so‘mlik pudrat shartnomasi imzolangan va avans mablag‘lari moliyalashtirilgan. Biroq ob’yektlarda qurilish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan.

Umuman, dasturdagi 90 ta ob’yektda 91 milliard so‘mlik (shundan Samarqand shahrida 46,4 milliard so‘mlik 61 ta ob’yekt) 292,8 kilometr uzunlikdagi tarmoqlar va 37 ta inshoot qurish va rekonstruksiya qilish ishlari hanuz boshlanmagan.

Vaholanki, buyurtmachi va bosh pudrat tashkiloti “O‘zsuvta’minot” AJning tizimida ekanligini hisobga olsak, qurilish ishlarini jadallashtirish imkoni mavjud. Ammo bosh pudrat tashkiloti tomonidan subpudrat tashkiloti sifatida jalb qilinganlarda ob’yektlarning umumiy qiymatidan 4 foizgacha bosh pudratchilik haqqi undirilayotgan bo‘lsa-da, qurilish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha hech qanday amaliy ishlar bajarilmayapti.

Yuzaga kelgan holatni bartaraf etish bo‘yicha bosh pudrat tashkilotining viloyatdagi mas’ul xodimi tomonidan nazorat yo‘q, qurilish ishlarini jadallashtirish va joylarda to‘g‘ri tashkil qilish bo‘yicha salohiyat yetarli emas. Bundan tashqari, bosh pudrat tashkiloti tomonidan bugungi kunga qadar viloyatga biriktirilgan xodim 5 marta almashtirilgan bo‘lsa-da, ular sohaga kira olmayapti va oqibatda qurilish ishlari grafik asosida bajarilishi oqsamoqda.

Shuningdek, bosh loyihachi tomonidan faqatgina “Obod qishloq" va "Obod mahalla” dasturi doirasida 35 ta ob’yektning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga kam sonli ishchi kuchi jalb qilinganligi sababli sustkashliklar kelib chiqmoqda. Bundan tashqari, viloyatda salohiyatli loyiha institutlari mavjudligi va subloyihachi sifatida yollash imkoniyati mavjud bo‘la turib, ushbu ishlar ham paysalga solinmoqda.

Qolaversa, ob’yektlarni loyihalashtirish va qurilish ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganligi sababli barcha suv ob’yektlari qurilishi rejalashtirilgan yo‘llarga asfalt yotqizish ishlari kechikmoqda. Oqibatda ushbu ob’yektlarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish xavfi yuzaga kelmoqda.

Eng yomoni ushbu holatlar aholi noroziligini keltirib chiqarish bilan bir qatorda hayot tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mavjud holatdan kelib chiqib, “O‘zsuvta’minot” AJga Kengash so‘rovi chiqariladigan bo‘ldi.