Samarqandda ilk bor o‘quvchi-qizlar o‘rtasida o‘tkaziladigan sammit dasturi aniq bo‘ldi

Joriy yilning 23-26 mart kunlari Samarqand shahrida ilk bor “Qizlarjon” o‘quvchi-qizlar sammiti bo‘lib o‘tishi haqida ommaviy axborot vositalarida xabar tarqaldi.  Respublika bo‘yicha har bir hududdan 10 nafardan 14-18 yoshdagi 8-11 sinf o‘quvchi-qizlar ishtirok etadigan ushbu Sammit dasturidan qanday tadbirlar o‘rin olgan?

- Ushbu sammitda ishtirok etuvchi o‘quvchi-qizlar suhbat asosida ijtimoiy jarayonlardagi faolligi, Vatani tarixi va buguni haqida ma’lumotga egaligi, xorijiy tillarni mukammal bilishi, liderlik ko‘nikmalari shakllanganligi, ta’lim, ijtimoiy sohalardagi xorij tajribasi bilan tanishligi, tanqidiy va tahliliy tafakkurining rivojlanganligi inobatga olingan holda saralanadi, - deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasining boshlang‘ich xotin-qizlar tashkiloti raisi Gulmira Salimova. -  O‘quvchi-qizlar sammit doirasida bilim-ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan turli mahorat darslari, tadbirlar va TED-Ed klublarini tashkil etish va yuritish sirlari, Soft skills ko‘nikmalari, Zamonaviy AKT imkoniyatlari va ularni hayotga tadbiq etish usullari, Innovatsion menejment, marketing va PR orqali investitsiyalarni jalb etish kabi mavzulardagi treninglarda ishtirok etadi. O‘quvchi qizlar jamoasi viloyatdagi har bir tumanga borib, u yerda dublyor sifatida ishtirok etadi. Ya’ni bir kun davomida tumandagi xotin-qizlar qo‘mitasi raisi vazifasini o‘rganadi, o‘zi ham shu jarayonda ishtirok etadi. Shuningdek, anjuman davomida qizlar Oliy Majlis spikerlari bilan uchrashadi, oliy ta’lim muassasasida kirish imtihonlarini topshiradi, Samarqanddagi ishlab chiqarish korxonalari, tarixiy obidalarga sayohat, ko‘ngilochar konsert dasturlari namoyish etilishi ham ko‘zda tutilgan.

       Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda Samarqand viloyati hokimligining hamkorligida o‘tkazilayotgan mazkur sammit o‘quvchi-qizlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, kasb-hunarga o‘rgatish, shuningdek milliy urf-odat va an’analar ruhida tarbiyalash, oilaviy hayotga tayyorlash, ilg‘or tajribalarini ommalashtirish va qo‘llab-quvvatlash kabi maqsadlarni ko‘zlagan holda umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etiladi.