Samarqandda “S5+1” formatdagi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy konferensiya o‘z ishini boshladi

Avval xabar berganimizdek, Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida "Yadroviy kontrabandaga qarshi kurashish" mavzusida "S5+1" formatdagi Markaziy Osiyo uchun to‘rt kunlik mintaqaviy konferensiya o‘z ishini boshladi.

Anjumanda O‘zbekiston, AQSh, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlaridan radiatsiya xavfsizligiga aloqador tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.

“S5+1” – Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh o‘rtasidagi muntazam ko‘p tomonlama muloqot formati hisoblanadi.

Mazkur format 2015 yil noyabr oyida Samarqandda mintaqa davlatlari va AQSh tashqi siyosat idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvi asosida ishga tushirilgan.

“S5+1” formatidagi birinchi uchrashuv yakunlari bo‘yicha sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi.

Hujjatda AQShning Markaziy Osiyo davlatlarining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash majburiyati, shuningdek, ishtirokchi davlatlarning muntazam diplomatik munosabatlarni davom ettirishga tayyorligi qayd etilgan.

“S5+1”ning maqsadi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish uchun doimiy diplomatik muloqotni davom ettirish, shuningdek, mintaqaviy savdoni yaxshilash, transport va energetika aloqalarini mustahkamlash, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, ekologik muammolarga qarshi kurashish, ekstremizmga qarshi kurashish va gumanitar aloqalarni kengaytirishdan iborat.

“S5+1” doirasida 15 million AQSh dollari miqdoridagi 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bular:

- “Xorijiy terrorchi jangchilarga va Markaziy Osiyodagi radikallashuv jarayonlariga qarshi kurash” (1,2 million AQSh dollari);

- “Tadbirkorlikni rivojlantirish” (4 million AQSh dollari);

- “Transport va savdo koridorlarini takomillashtirish” (4 million AQSh dollari);

- “Kelajak energiyasi” (3,8 million AQSh dollari);

- “Iqlim o‘zgarishiga moslashish milliy rejalarini qo‘llab-quvvatlash” (2 million AQSh dollari).

Mazkur loyihalar seminarlar, konferensiyalar va treninglar shaklida o‘tkazib kelinmoqda.

“S5+1” platformasi orqali amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini mustahkamlash va o‘sishini ta’minlash maqsadida savdo-sotiqni oshirish, kompleks rivojlanishni rag‘batlantirishga qaratiladi.

Joriy yil 22 sentyabr kuni Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlarining “C5+1” formatidagi Vazirlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.