Samarqandda ta’lim krediti ajratishda nega to‘rttagina bank ustunlik qilmoqda?
Prezidentimizning 2021 yil 30 iyuldagi “Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, talabalarga qulay shartlar asosida respublikadagi barcha oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat va magistraturaning kunduzgi ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun ta’lim krediti ajratishning yangi tartibi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda saytimizda tahliliy maqola e’lon qilingandi.
Markaziy bank Samarqand viloyat bosh boshqarmasi axborot xizmatining Zarnews’ga malum qilishicha, mazkur qarorda belgilangan talablar nafaqat iste’molchi, balki banklar uchun juda yaxshi imkoniyat sanaladi.
Yangi tartib asosida sentyabr va oktyabr oyining 25 kuniga qadar 776 nafar talabaga viloyatdagi tijorat banklari tomonidan jami 7 milliard 76 million so‘m ta’lim kreditlari ajratilgan.
Qiyoslash uchun keltirib o‘tsak: 2020 yil davomida viloyatdagi tijorat banklari tomonidan 308 nafar talabaga 3 milliard 71 million so‘m kredit ajratilgan.
Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi bilan 11 ta bank shartnoma tuzgan bo‘lsa-da, yangi tartib asosida ajratilgan ushbu kreditlarning 91 foizi bor-yo‘g‘i 4 ta bank hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, "Ipotekabank" 375 nafar talabaga 3 655 million so‘m, Xalq banki 149 nafar talabaga 1 420 million so‘m, "Asakabank" 84 nafar talabaga 813 million so‘m, "Milliybank" 87 nafar talabaga 542 million so‘m ajratgan.
Afsuski, viloyatdagi boshqa banklar bu imkoniyatdan yetarlicha foydalanilmayotgani ko‘rinib qolyapti. Sababi nimada ekanini o‘quvchilarimizga mutaxassislar aytishar...