Samarqanddagi shifobaxsh Obi Rahmat arig‘idan Sohibqiron Amir Temur ham suv ichgan

Xalqimiz orasida Samarqand shahridagi Obi Rahmat arig‘i haqida bir rivoyat yuradi.

Unda keltirilishicha, Sohibqiron Amir Temur Samarqandda poytaxt o‘rnatgan kunlarning birida bozorni aylanib yurganda, bir meshkobchining «Obi Rahmat», «shifobaxsh suv», deb chanqagan kishilarga meshdan suv berayotganini kuzatadi va meshkobchini huzuriga chorlab, bu suvni qayerdan olganini, uning qanday shifobaxshligini so‘raydi. Shunda meshkobchi suvni ariqdan olganini va uning shifobaxshligini quyidagicha ta’riflaydi:

«Bu suv oshqozon, ichak kasalliklarini davolash uchun ichiladi, ovqatni hazm qiladi. Agar kishi Obi Rahmat arig‘ida cho‘milsa va ichsa asab kasalligidan, gulafshon, temiratki, toshqin va shunga o‘xshash kasalliklardan forig‘ bo‘ladi», deydi.

Amir Temur meshkobchidan «Nega bu ariq nomini «Obi Rahmat», deb ataydilar», deb so‘raganida meshkobchi shunday javob aytadi:

«Bu Obi Rahmat arig‘ining ma’lum qirq gazlik qismining xosiyatidandir. Har yilning falon vaqtida, hafta o‘rtalarida yomg‘ir yog‘adi. Lekin bu yomg‘ir boshqa yerlarda oddiy bo‘lib, ana shu qirq gazlik ariqqa tushadigan yomg‘ir boshqa xil xosiyatlik bo‘lib ko‘kdan «Rahmat suvi» bo‘lib yog‘adi», deydi.

Kechagiday eslayman: rahmatli onam erta ko‘klam - mart oylarida «Obi Rahmat» suvidan ichar va shunday derdi:

- Alloh tomonidan osmondan rahmat suvi yog‘ildi. Demak, qishdan omon-eson chiqib oldik. Yana bir haftadan so‘ng rahmat yetib keladi. Bu - yurtga baraka, dehqonchilikka unum, odamlarga sog‘lik-salomatlik berdi, degani…

Shundan so‘ng Navro‘z kunlari oyim «Obi Rahmat» suviga un qo‘shib, xamir qorar va har xil ko‘katlardan pishiriq pishirib berardi.

Yana ayrim rivoyatlarda amirlar Obi Rahmat arig‘i ichiga sopol quvur ko‘mdirib, shahar ahlini shu suv bilan ta’minlagan, deyilsa, Obi Rahmat to‘g‘risida shu vaqtgacha yozib qoldirgan boshqa rivoyat, afsona, doston va qissalarda bu ariqning muqaddasligi, uning suvi shifobaxsh ekanligi aytilgan. Jumladan, Abu Hafs Nasafiyning «Qandiya yoxud kitob-ul-qand fi tarixi Samarqand» kitobida Obi Rahmat haqida quyidagi satrlarni o‘qiymiz: «Hazrati Yamaniyning rivoyat qilishicha, Rasul alayhissalom: Samarqandda behisht chashmalaridan bo‘lgan bir chashma bor. Barcha ulamo va shayxlar e’tiroficha, u chashma Obi Rahmat arig‘idir. Ba’zi shayxlarning aytishlaricha, Doniyor payg‘ambar qabri tepasida bo‘lib, chashma suvi shifobaxshdir.

Xuddi shunday ma’lumot Abu Tohirxo‘janing «Samariya» kitobida ham keltirilgan: «Xo‘ja Doniyol mozori. Shahar tashqarisida, shimol tomonda Afrosiyob qo‘rg‘onining kunchiqar tomonidagi rahnasida, Siyahob arig‘ining yoqasidadir. U kishining mozori serbarakotdir. U zotning mijozidan muborak boshlari tarafidan chiqqan suv Siyahob arig‘iga quyiladi. Xalq uni tabarruk bilib ichadilar va cho‘miladilar va uni ko‘p kasallar shifosiga sabab deb biladilar».

Amir Temur hukmronligi davri - XIV asrning oxiri XV asr boshlarida uning buyrug‘i asosida Obi Rahmat arig‘idan Shohi Zinda yodgorlik majmuasiga sopol quvurlar orqali O‘rta Osiyoda birinchi bo‘lib ichimlik suvi o‘tkazilgan.

Tarix fanlari doktori, professor Xurshid Samiboyev o‘zining «Samarqand tarixi» kitobida Obi Rahmat to‘g‘risidagi shirin xotiralarni eslab, bu ariqning so‘nggi yillarda iflos bo‘lib ketganidan afsuslanadi. Bu haqda u yozadi:

- Buloqlardan boshlanadigan Obi Rahmat nihoyat toza va zilol bo‘lib, ariq bo‘yidagi aholining o‘zi ham ariqning toza va ozodaligi, suvning pokizaligi uchun ko‘p g‘amxo‘rlik qilar ekan. Har ikki-uch yilda «hashar» qilib, ariqni kovlab, uning chuqurligini aniq bir me’yorda saqlab kelgan. Obi Rahmatda baliqlar ko‘p bo‘lib, odamlar muayyan joylardan baliq ovlaganlar. Men Bog‘i Maydon, Bog‘i Baland va Obi Rahmat qirg‘oqlarida bo‘lib, ariq bo‘yida o‘tirib, uning toza havosi va zilol suvidan bahramand bo‘lganman. Chuqurligi 2 metr bo‘lishiga qaramasdan, oynaday zilol suv tubidagi tosh va qumlarning marvarid kabi jilolanishini tomosha qilib, unga mahliyo bo‘lganman.

Tal’at Abdullayev.