Samarqanddagi stadionlar test sinovlari o‘tkazishga yetadimi?
Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 avgust kuni joriy yilda oliy ta’lim muassasalariga qabulni tashkil qilish va 2020-2021 o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda Prezident ta’kidlaganidek, keyingi yillarda oliy ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar natijasida yoshlar va ularning ota-onalarida o‘qishga ishonch ortdi. Hujjat topshirish to‘liq masofaviy shaklda amalga oshirilgani aholiga katta qulaylik yaratdi.
Joriy yilda viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga 12 875 ta, magistraturaga 1098 ta o‘rin ajratilgan. Ko‘rsatkichlar o‘tgan yildagiga qaraganda o‘rinlar soni keskin oshganligini ko‘rsatmoqda.
Bu yil 9 ta davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 139 874 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, bu o‘tgan yilgiga nisbatan 26 foiz ko‘p. Bitta o‘ringa 10,86 ta talabgor to‘g‘ri kelmoqda.
Magistratura yo‘nalishida 8 ta ta’lim muassasasiga 7051 nafar yoki o‘tgan yilgiga nisbatan uch barobardan ko‘p hujjat topshirilgan. Umuman, qabul kvotalari 2016 yilgiga nisbatan uch martagacha ortgan.
Haqiqatan ham, bugungi kunda qabul test sinovlari qachon, qayerda va qanday tartibda o‘tkazilishi jamoatchilikni ham o‘yga toldirgan. Bu, albatta, karantin cheklovlarining cho‘zilayotganligi bilan bog‘liq bo‘lib, bunday sharoitda, aniq ma’lumotlar yo‘qligi, turli internet nashrlarida har xil xabarlar berilayotganligi ham abituriyentlar, ota-onalariga ta’sir qilmoqda.
Shularni hisobga olgan holda, 6 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilish chog‘ida Prezident tomonidan test sinovlarini abituriyentlar va nazoratchilar uchun epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash imkonini beradigan joyda o‘tkazish kerakligi aytildi.
Hozirgi murakkab paytda ob’yektlarning test topshiruvchilar uchun xavfsizligi masalalarini o‘rganish chog‘ida yopiq binolar epidemiologik talabga javob bermasligi, shuningdek, ijtimoiy masofaga rioya qilingan taqdirda imtihonlar vaqti anchaga cho‘zilib ketishi hisobga olindi.
Shularni inobatga olib, test sinovlarini Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlaridagi stadionlarda tashkil etishga topshiriq berildi. Bunda imtihonlar kuniga 2 marta (havo salqin paytda) o‘tkazilsa, barchasini taxminan 12-14 kunda yakunlash mumkin.
Ushbu topshiriqlar doirasida mutasaddi vazirlik va idoralarga stadionlarni test sinovlariga puxta tayyorlash, ularning dislokatsiyasi bo‘yicha abituriyentlarni to‘liq xabardor qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda test sinovlari o‘tkazish sanasini Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologiya xizmatining epidemiologik vaziyat borasidagi xulosasidan kelib chiqqan holda belgilash, aholi salomatligi xavfsizligini ta’minlash lozimligi ta’kidlandi.
Viloyat hokimi E.Turdimov
Prezidentimizning ushbu topshirig‘ini o‘z vaqtida va sifatli bajarishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazib, unda E.Turdimov viloyatda beshta stadion, jumladan, Samarqand shahrida “Dinamo”, “Lokomotiv” stadionlari, sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabining "Yoshlik" o‘yingohi, chim ustida xokkey mini stadioni va Cartepo sport majmuasining futbol stadionlari o‘rganilganligi, bu ko‘rsatkichlar Samarqandda test topshirishni belgilangan muddatda tamomlashga yetarli emasligini ta’kidladi. Shuning uchun topshiriqlarni sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash bo‘yicha soha mutaxassislari zimmasiga qo‘shimcha stadionlarni o‘rganish vazifasini yukladi.
Eslatish joizki, test sinovlari o‘tkazish sanalari ma’lum bo‘lgandan keyin abituriyentlarga onlayn ro‘yxatdan o‘tishda foydalangan telefon raqamiga SMS shaklida ma’lumot yuboriladi.
V.Sirliboyev,
Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi.