Samarqandlik 184 nafar faol o‘qituvchi va murabbiylar sanatoriylarda bepul dam oldi
Matbuot uyida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tomonidan xotin-qizlarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Birlashma kengashi raisi S.Rafiqovning ta’kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 apreldagi farmoyishi asosida Samarqand viloyatida xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 10 milliard 237 million so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan bugungi kungacha 1665 nafar xotin-qiz tikuv mashinalari bilan ta’minlanib, kasanachilik asosida yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. 254 nafariga uy-joyini ta’mirlash uchun 1 milliard 131 million so‘mlik qurilish materiallari olib berildi. 168 nafari bemor ayollarga 384 million so‘mlik dori-darmon ajratilgan bo‘lsa, 44 nafariga salomatligi tiklashi uchun 117 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Yana 336 nafar kam ta’minlangan xotin-qizlarga 863 million so‘m moddiy yordam berildi.
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostidagi tadbirlar doirasida joriy yilning mart-may oylarida viloyatdagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning 140 nafari kasaba uyushmalari hisobidan Xorazm viloyatiga sayohatga borib keldi.
– Davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi rayosatining qo‘shma qaroriga ko‘ra, 2021 yilning birinchi choragi davomida viloyatdagi 184 nafar eng faol o‘qituvchi va murabbiylar sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtirildi, – deydi S.Rafiqov. – Bundan tashqari, o‘z farzandlarini yurtga sadoqatli etib tarbiyalab, voyaga yetkazgan, ibratli va matonatli 30 nafar ayollarni yaqinda yangidan ochilgan “Abu Ali Ibn Sino” sanatoriysida bepul sog‘lomlashtirish ko‘zda tutilgan.