Samarqandlik ustalar Tojikistonda “Xo‘jand qal’asi”ni tiklash, qayta qurish ishlarida faol ishtirok etmoqda

Xo‘jand qal’asi. Bu ikki so‘z tilga olinganda Kayoniylar davridan boshlab Aleksandr Makedonskiy, mo‘g‘ullarga qarshi mardonavor kurashgan jasur lashkarboshi Temurmalik, buyuk shoir Xoja Kamol Xo‘jandiy, mashhur olim Abu Mahmud Xo‘jandiy yodga olinadi. Qadimiy shahar nomini ne-ne mamlakatlarga tanitgan bu shonli inshoot, afsuski, keyingi bir yarim asrdan ko‘proq davr mobaynida o‘z fayzini yo‘qotdi. Avvaliga Xo‘jandni ishg‘ol qilgan rus podshohi hukumati qo‘shini (1866-yilda) qal’ada harbiy komendatura va askarlar kazarmasini joylashtirdi. Sho‘rolar davrida qal’a harbiy qismga berildi…

Tojikiston mustaqilligi yillarida mamlakat rahbariyati qadimiy qal’ani qayta tiklashga kirishdi. Hozir avjida borayotgan va oxiriga yetkazilayotgan tiklash, qayta qurish ishlarida tojikistonlik ustalar, mutaxassislar bilan birgalikda qo‘shni va qardosh O‘zbekistondan da’vat etilgan ustalar, mutaxassislar ham ishlashmoqda.

- Ustadan ustaning farqi bor. To‘g‘ri, o‘zimizda mohir naqqoshlar, ganchkor, koshinkor, kandakor ustalar ko‘p. Lekin samarqandlik ustalar qadimiy obidalarni tiklashda tajriba orttirib, o‘z sohalarining bilimdonlariga aylanib ketishganini bilamiz. Shuning uchun biz samarqandlik ustalarni qal’ani qayta qurish ishiga taklif etdik, - deydi «Qal’ai Xo‘jand» madaniy-tarixiy majmuasi davlat muassasasining bosh direktori Ibrohimjon Ibrohimov.

“Hozir samarqandlik ustalar bilan yelkama-yelka ishlayotgan ustalarimiz ulardan ish o‘rganishmoqda. Ikkinchidan ikki qardosh xalq vakillari orasida do‘stlik mustahkamlanmoqda. Xo‘jand qal’asi gumbazlari, salobatli binolaridagi naqshlar, koshinlar samarqandliklardan katta xotira bo‘lib qoladi. Ulardan oldin qal’ada Farg‘ona viloyatining Rishton shahridan kelgan kulollar ishlashgandi. Biz o‘zbekistondik do‘stlarimiz bilan hamkorlikdan xursandmiz”, deydi Ibrohimjon Ibrohimov gapida davom etib.

Hozir Xo‘jand qal’asidagi ulkan qurilishda Samarqanddan kelgan ikkita guruh ishlayapti. Bu guruhlardan biriga Samarqandda taniqli ustaboshi bo‘lib tanilgan Shahobiddin Amriddinov boshchilik qiladi.

- Biz xo‘jandlik hamkasblar bilan anchadan buyon hamkorlik qilamiz. Shuning uchun Xo‘jand qal’asida ishlash taklifini jon-dilimiz bilan qabul qildik.  Hozir qal’ada qirq nafarga yaqin samarqandlik ustalar ishlamoqda. Mening guruhimdagi ustalarning ko‘pi Samarqand shahri va Tayloq tumanidan. Mehmondo‘st xo‘jandliklar bizga zarur sharoitni yaratib berishdi, - deydi Shahobiddin Amriddinov.

Ustalar bilan suhbat jarayonida bir necha marta samarqandlik taniqli koshinkor usta Anvar Quliyev nomi tilga olindi. Shahobiddin koshinkorlik, ganchkorlikni dastlab hali o‘n sakkiz yoshida mohir usta Saydali Mirzayevdan o‘rgangani, ikkinchi ustozi esa, Anvar Quliyev bo‘lganini, ularning maslahati bilan Samarqand me’morchilik institutini bitirganini minnatdorchilik bilan esladi.

- Men ham Quliyevlardan hunar o‘rganganman. Yoshligimdan ganchkorlik, naqkoshlik, koshinkorlikka qiziqqanim uchun hunar o‘rganish uchun Samarqandga borganman.  Anvar Quliyevning, joylari jannatdan bo‘lsin, o‘g‘illaridan nafis san’atni o‘rgandim. Ustozlar bilan birga Shohi Zindada, Ulug‘bek madrasasida naqshu nigorlarni tiklash ishlarida qatnashdim, - deydi xo‘jandlik usta Mirzorahim Qodirov.

Mirzorahim samarqandlik ustozlaridan mayolika, koshin tayyorlash sirlarini o‘rganib oldi. Hozir bu mahsulotlar Samarqanddan olib kelinishi bilan birga, Xo‘jandda ishga tushirilgan yangi korxonada ham tayyorlanmoqda.

Mirzorahim samarqandlik ustalarning ikkinchi guruhi bilan birga ishlamoqda.

- Ayniqsa, qal’adagi eng salobatli bino gumbazlari uchun ishlatiladigan koshinlarni, mayolikalarni Samarqanddan olib kelyapmiz. Ilgari mayolikalar Toshkentda tayyorlanardi. Hozir Samarqandning o‘zida tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Samarqanddagi korxona mahsulotlaridan Boqiy shaharda foydalanganmiz. Hozir Imom al-Buxoriy majmuasida keng ishlatilyapti, - deydi Shahobiddin Amriddinov.

Xo‘jand qal’asida ishlayotgan ustalardan biri samarqandlik Rahmon Ro‘ziboyevning “Yer yuzi sayqali”dagi ko‘pgina obidalarda sehrli barmoqlari izi qolgan.

- Men Xo‘janddagi tarixiy joyda ishlayotganimdan xursandman. Hali o‘n to‘rt yoshligimda koshinkorlik, koshinburish, mayolikaga qiziqib qolib, Yoqub aka Quliyevdan hunar o‘rganganman. Endi bu yerda ham ishlab, ham xo‘jandlik yoshlarga hunar o‘rgatyapman, - dedi Rahmon Ro‘ziboyev.  

Xo‘jand qal’asini qayta qurish ishida loyihalovchilar, mutaxassislar, olimlar, qadimshunoslar, me’morlar, xalq hunarmandlari, jumladan, naqqoshlar, kandakorlar, kulollar, duradgorlar, rassom va haykaltaroshlarning katta guruhi ishlamoqda. 6 gektarlik qal’a hududida muzey, qadimiy Xo‘jand shahri uylari namunalari, mehmonxona, milliy choyxona, hammom, turli xizmat ko‘rsatish nuqtalari va boshqa inshootlar bunyod etilmoqda.

Qal’ani qayta qurish jarayonidagi qazilma ishlari paytida Xo‘jand shahrining kamida 3 ming yillik tarixga ega ekanligini isbotlovchi qadimiy ashyolar, devor qoldiqlari topildi. Asrlar davomida qal’a turlicha atab kelingan – “Diz”, “Kuhandiz”, “O‘rda”, “Qal’a” debon. Qal’aning umumiy maydoni 6 gektarga teng.

Xo‘jand qal’asi bitganidan so‘ng so‘zsiz sayyohlar sevib tashrif buyuradigan makonga aylanib qoladi. Qal’a tomoshasiga kelgan sayyohlarga hikoya qilib beruvchi gidlar esa, “Asrlar davomida Xo‘jand o‘tmishidan so‘zlab turuvchi bu bino san’at asarlarini yaratganlar orasida samarqandlik va rishtonlik ustalar ham bor”, deya ta’kidlashlari, shubhasiz.

                                                                           O‘rinboy USMON, Xo‘jand