Samarqandlik veterinar olimlar Buxoroda ofatdan zararlangan chorvachilik xo‘jaliklarini o‘rganmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi hamda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti tashabbusi bilan olimlardan iborat jamoa Buxoro viloyatining tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan tumanlaridagi chorvachilik xo‘jaliklarida bo‘ldi.

Veterinariya ilmiy-tekshirish instituti direktori B.Elmurodov, kichik ilmiy xodimi N.Navro‘zov, SamVMI veterinariya profilaktikasi va davolash fakulteti dekani, veterinariya fanlari doktori H.Niyozov joriy yilning 14-15 may kunlari davomida Olot, Qorako‘l va Jondor tumanlarining chorvachilik xo‘jaliklari rahbarlari, chorvadorlar, fermerlar hamda chorvachilik va veterinariya sohasi mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda soha bo‘yicha tabiiy ofat tufayli yuzaga kelgan muammolar atroflicha o‘rganilib, ularni bartaraf etishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan maslahatlashildi.

Buxorolik mutasaddilar ko‘magida aprel oyi mobaynida viloyatda kuzatilgan kuchli shamol, to‘fon va sel kelishi oqibatida hududning chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklaridagi ahvol to‘g‘risida axborotlar olindi.

Guruh a’zolari Qorako‘l, Jondor va Olot tumanlarida qorako‘l qo‘ylari va qo‘zilarda profilaktik chora-tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish, qo‘ra va qo‘tonlarning bugungi holatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berishdi.

Tashrif yakunida Olot, Qorako‘l va Jondor tumanidagi mavjud kuydirgi o‘choqlaridan olingan tuproq namunalari olib kelindi. Ushbu namunalar ilmiy jihatdan tekshirilib, viloyat tumanlaridagi epizootik va ekologik holatlar aniqlanadi va olingan xulosalar asosida kerakli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi.

Sherqo‘zi ABDULLAYeV.