Samarqandliklar Samarqandni sevishadimi?

Ishonchim komilki, mabodo shu savolni bersangiz, istisnosiz, hammadan ha, albatta, degan javob olasiz. Tag‘in “Bu ulug‘ maskanim bilan faxrlanaman” deb qo‘yishadi. Bu bor va haq gap. Shunday buyuk shaharda yashamoq chindanam saodat. Hatto, xorijliklar buning uchun bizga havas qilishadi.

 Prezident Sh.Mirziyoyevning ham bu qadimiy yurtga sadoqati va e’tibori bo‘lakcha. Har bir tashrifida Samarqandni yanada go‘zal, zamonaviy qilish yuzasidan takliflar bildiradi, xorij sarmoyadorlarini bu ishga jalb etish choralarini ko‘ryapti. ShHT sammitining 2022 yilda aynan Samarqandda o‘tkazilishi biz uchun katta sharaf. Ammo...

Ochig‘i, ana shu “ammo”sini aytish ham, yozish ham og‘ir masala. Chunki bu tushuncha davomida biz ana shu sharafga munosib ish qilyapmizmi, degan savol turadi.

To‘g‘ri, fidoyilar kun sayin ko‘paymoqda. Ayniqsa, tadbirkorlar safi kengaymoqda. Biroq bozor iqtisodiyotini bahona qilib, ehtiyojini ortiqcha qondirish, aniqrog‘i shaxsiy manfaatini ko‘zlash ilinjida yurganlar uchrab turibdi. Va aynan shunday kishilar boshqalarga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.

Davlatimiz tomonidan jamoat transportini rivojlantirish maqsadida tadbirkorlarga juda katta imkoniyatlar berildi. Yo‘lovchi tashuvchi uyushmalarning bir qismi aholi olqishiga sazovor bo‘layotir. Lekin soch-soqoli o‘sgan haydovchining taksi rulida o‘tirishi, mashina salonining notoza va badbo‘yligi bu sohaga ijobiy qarashimizga soya solmayaptimi?

Chiqindi chiqarish kundan kunga takomillashib borayotgan bir paytda uydagi chiqindilarni yo‘llarga tashlab ketish, turli mahsulotlarning yelim idishlari va qog‘ozlarni yo‘l-yo‘lakay mashina oynasidan yo‘lga otib yuborish shu shaharga munosibligimizni belgilaydimi?

Demoqchimanki, Samarqand bilan g‘ururlanadigan inson, uni sevishi, hurmat qilishi ham zarur. Ya’ni, yurtni sevish jonkuyarlikni talab qiladi.

Endi o‘zingiz ayting, keyingi 5-6 yil ichida quruvchilar boshlagan “harakat” qaysi qonun-qoida yoki odamgarchilik tamoyiliga to‘g‘ri keladi? Bolalar maydonchalari, hatto ixcham o‘yingohlar, tinchgina yashayotgan fuqarolar uylari o‘rniga ko‘p qavatli uy qurish avj oldi. Pul evaziga hammaning og‘zini yopishdi. Jamoatchilik yig‘iladigan koshonalar yonida mashina to‘xtash joyi yo‘q. Bu ishga bosh qo‘shgan tadbirkor, arxitektor, quruvchi yoki hokimiyat mas’ullari shuncha ishdan so‘ng “Men Samarqandni sevaman”, deya olarmikan?

Suhbat chog‘ida shu narsa ayon bo‘ldiki, bunday shaxslar uchun yurt sha’ni, odamlar tinchligi ikkinchi darajaga qo‘yildi. Ishonmasangiz ko‘ring, ular hamon o‘z ishlarini davom ettirishyapti. Jamoatchilik bundaylarga tanbeh berishni, ularni yo‘ldan qaytarishni qachon o‘rganadi? Axir sudlar sudrab kelgan ko‘plab ishlarni jamoatchilik bir kunda, bitta muloqotda hal etishi mumkinligini hayot ko‘rsatyaptiku!

Bitta qonun buzilishi hayotdagi illatlar tagiga suv quyadi. Shaxsiy manfaati yo‘lida uy qurish uchun joy olgan “tadbirkor”ga o‘ziga o‘xshagan shotirlar topiladi. Bu ishga taniqli quruvchi va arxitektorlarning qo‘shilishi ularning Vatanga munosabatini belgilamaydimi? Bundaylarning nog‘orasiga o‘ynab, hujjatlarini idorama-idora ko‘tarib yurgan huquqshunoslar, nufuzli idoralar xodimlari haqida ham shunday deyish mumkin.

Eng yomoni, ayrim kimsalar uyi buzilishi bahonasida belgilanganidan ko‘proq haq olish an’anasini boshlab berishdi va bu ish qizg‘in davom etmoqda. Ular uchun barcha sharoitlarga ega uy qurish, odamlar og‘irini yengil qilish emas, balki foyda olish muhimroq.

            Biz Samarqandni Parij, Rim, Boku kabi bo‘lishini istaymiz. Ochiq osmon ostidagi muzeyning o‘z talablari bor. U bahavo, yurishga, aylanishga qulay bo‘lmog‘i darkor. Uy-joylarni tarixiy shahardan chetroqda qurish lozim. Yangi massivlarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish mumkin. Uyi buzilishga tushgan shaxslar masalaga ana shu nuqtai nazardan qarashni o‘rgansin. Ammo ayrimlarning bozor va Registon maydoni atrofiga joylashishga urinishi shaxsiy manfaatdan boshqa narsa emas.

O‘tgan yili Boku shahriga borganimda avtobusda telefonimni qoldiribman. Mehmonxona sohibi o‘sha yerga qaytib borishimni aytdi. Borsam, navbatchi telefonimni qo‘lida ushlab turibdi. Rahmat aytgach, unga minnatdorchilik sifatida pul uzatdim. U olmadi va “Aka bizga xorijdan qancha odam ko‘p kelsa, daromadimiz shuncha ko‘payadi”, dedi. Darhaqiqat, narsasini yo‘qotgan sayyoh bu yerga qayta kelishni istamaydi. Xo‘sh, biz bunday fikrlashni qachon o‘rganamiz?

Yana bir gap: yeyish-ichishni, kiyinishni, yurish-turishni, hatto do‘konlarni nomlashni ham xorijdan o‘zlashtirdik hisob. Biroq, endi o‘zi yashab turgan maskanga hurmatni ham ulardan o‘rgansak yomon bo‘lmasdi. Faqat xorijda emas, hatto o‘z yurtimizda ham bizni samarqandlik ekanimizni bilishlari kerakku!

Masalaning muhim bir tomoni borki, u rahbarlarning aholida o‘z turar joyiga hurmat va mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha olib borayotgan ishlaridir. Ya’ni, Samarqand obodonchiligi yo‘lidagi ezgu ishlarni qo‘llab-quvvatlash va aksincha, shaharsozlik qoida-tartiblarini buzayotganlarni tartibga chaqirishdir. Bu haqda ikkinchi maqolamizda batafsil so‘z yuritamiz.

Samarqandni sevadigan fuqaro, eng avvalo, o‘zi yashab turgan uy, mahalla, ko‘chani qadrlashi kerak. Qo‘shnilar yuradigan yo‘lakni egallab olgan, hovlisi oldidan o‘tadigan quvurni tozalab turmaydigan, uyi oldiga bir tup daraxt ekmaydigan kimsalarga bu aqidani kim tushuntiradi?

Samarqandni sevish oson emas. Bunda shu yurt taqdiri uchun mas’uliyatni zimmaga olmoq lozim. Bu mas’uliyat esa doimo insonni saodatga yaqinlashtiradi. Bu saodat barchamizga nasib etishini istab qolaman.

Farmon TOShEV.