Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmandlar” uyushmasi va barcha ishlab chiqarish korxonalari egalari diqqatiga!
“Menga moddiy yordam emas, ish kerak!”
Hali uch kun ishlab-ishlamayoq Koreyadagi yirik ishlab chiqarish zavodlaridan biridagi go‘shtqiymaligichday yirik uskuna ichida qolib ketgan insonning tirik qolishining o‘zi mo‘’jiza edi. Ha, nafaqat atrofdagilar, balki korxona egalari ham bu uskunadan sog‘ chiqqan odamni ko‘rganida mo‘’jizaga duch kelganday hayratlandilar. Faqat bu hodisaning qayg‘uli tomoni, Botir uning ichida oyoqlarini tashlab chiqqandi.
Kuch-g‘ayratga to‘lgan, ayni oilamni boqaman, farzandlarimni oyoqqa turg‘azaman, uy-joy qilib moliyaviy ahvolimni o‘nglab olaman, degan paytda, endigina 28 ni to‘ldirgan yigit uchun bu kutilmagan zarba edi. Zarbaki, nafaqat o‘y-xayollarini, balki hayotini ham ostin-ustun qilib yuborgan burilish edi. Orzular qanotida, katta rejalar bilan Koreyaga ishlash uchun ketgan Botir aka ushbu davlatdan og‘ir xayollarda, nogironlik aravachasida qaytdi.
Oilasi uchun ham bu zarba hayotning kutilmagan sinovi edi. Ammo voqeadan xabardor bo‘lgan har bir kishi borki, uning tirik qolganidan shukrona keltirdi, hayotdan nasibasi uzilmagan ekan, deb xulosa chiqardi. Demak, bu ham taqdirning, Yaratganning bir mo‘’jizasi, inson deb atalmish zotga atalgan siri va bu sirni anglash uchun berilgan imkoniyatidir, ehtimol. Harholda Botir aka hayotning sinovini shunday qabul qildi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘z yurtiga qaytib kelganidan so‘ng ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Ishlab chiqarishdagi baxtsizlik uchun koreyalik zavod egalari tomonidan to‘langan tovon puli bu yerdan uy-joy, shart-sharoit qilib olishi uchun yetarli edi. Avvalo yaqinlari yordamida shu ishlar bilan shug‘ullandi. Moliyaviy ahvoli bir muncha tiklandi, ammo bu mablag‘ xazina emaski, bir umr ishlatib yotsang. Tabiiyki, yashashning sharti mehnat va shu orqali insonning hayotida mazmun va eng muhimi, kun kechirish uchun sharoit yaratiladi. Botir akada shu ahvolida mehnat tanlovi uchun imkon mavjud emasdi. U Samarqand shahridagi “Sino” zavodida kasanachi usta sifatida ish boshladi. Zavoddan unga muzlatkichning turli qismlarini keltirib berishar, u esa qismlarni, simlarini ulab, mahsulotning ma’lum bir qismini tayyor holga keltirib berardi. Keyinchalik “El-Xolding” korxonasida ham shunday, kasanachi sifatida ishladi. 15 yil mobaynida ishlab kelgan Botir aka yaqin yillarda bu korxonalardagi ish o‘rinlari qisqarishi sababli ishidan ayrildi. Ish hajmi keskin qisqargani tufayli korxonaning o‘zida ishlovchi ishchilar soni ham kamaygandi. Mana, ishsiz qolganidan beri, Samarqand shahridagi Tojmahal mahallasi, Ali Qushchi ko‘chasida istiqomat qiluvchi Botir Usmonov bir nechta tashkilotlarga ish so‘rab murojaat qildi. Unga viloyat bandlik boshqarmasi Samarqand shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan quyidagicha javob xati kelgan:
“Fuqaro B.Usmonov bugungi kunda sog‘ligi bo‘yicha 1-guruh nogironi bo‘lib, tibbiy-mehnat ekspertizasi komissiyasining (TMEK) xulosasiga asosan mehnatga layoqatsizligi, o‘zgalar parvarishiga muhtojligi ko‘rsatilgan. Unga O‘zbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi mehnat vazirligi tomonidan tasdiqlangan, Adliya vazirligi tomonidan 2012 yil 831-2 son bilan ro‘yxat raqami bilan o‘zgartirish kiritilgan “Mehnat bo‘limlarida fuqarolarni ro‘yxatga olish, ularni ishga joylashtirish, ishsizlik nafaqasini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan ishsiz deb e’tirof etilmasligi hamda markaz tomonidan ish bilan ta’minlanmasligi to‘g‘risida tushuntirish berildi”.
- To‘g‘ri, men aravachada harakatlanaman, to‘laqonli yashash tarziga ega emasdirman, ammo qo‘llarim butunku, - deydi Botir Usmonov biz bilan suhbatda. – Menga ish faqatgina moddiy manfaatdorlik uchungina emas, balki o‘zimni to‘laqonli odamday his qilib yashashim, hayotimning o‘zagini yo‘qotib qo‘ymasligim, oilada o‘zimni oila boshlig‘i, qolaversa erkakday his qilishim uchun kerak, axir! Turmush o‘rtog‘im, farzandim ishlaydi, oila boshlig‘i sifatida bekorchi bo‘lishdan uyalaman, to‘g‘risi.
Ehtimol, ishsizlik muammosi jamiyatimizning og‘riqli nuqtalaridan biri bo‘lib turgan, hatto sog‘lom odam ham ish topishi qiyin pallada Botir akaga o‘xshagan insonlarni ish bilan ta’minlash, ularga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish masalasi yanayam kattaroq muammodir. Ammo...
O‘ylaymanki, Botir akaning harakatchanligini ko‘rgan sog‘lom, ammo ish topishda qiynalayapman, deb o‘ylaydigan har qanday inson bu fikrining noto‘g‘ri ekanligini tan olgan bo‘lardi.
Garchi u yashaydigan ko‘p qavatli uylarda nogironlik aravachasi harakatlanishi uchun sharoit bo‘lmasa-da, har kuni uchini qavatdan o‘zi tushib, toza havoda sayr qiladigan, qo‘lidan kelsa, odamlardan yordamini ayamaydigan Botir akaning matonatiga qo‘ni-qo‘shnilari-da hayratlanib qaraydi.
P/S. Qonunlar, qoidalar va jamiyatdagi boshqa hujjatlar tufayli Botir Usmonov rasman ish topishi uchun imkoniyatga ega emasdir. Ammo Samarqandda ishning qadrini biladigan, vazifasini vijdonan uddalaydigan, qo‘lidan ustachilikning ba’zi shakllari keladigan ishchi xizmatiga muhtoj tadbirkorlar, ishlab chiqarish korxonalari borligiga ishonamiz! Agar shunday bo‘lsa telegram kanalimiz bot manziliga yozing, “Zarafshon” gazetasining (66) 233-91-51 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, fikringizni bildiring. Ushbu taklifingiz bir insonning hayotda yashashi uchun nechog‘lik ahamiyatli va harakatingiz xayrli ekanligini eslatib o‘tmoqchimiz.
Gulruh MO‘MINOVA.