Senat qo‘mita raisi olimlar bilan uchrashdi
Samarqand veterinariya meditsinasi institutida joriy yilning 16 fevral kuni davlatimiz rahbari raisligida chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektorda belgilab berilgan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Tadbirda bugun jahon iqtisodiyoti murakkab davrni boshdan kechirayotgani, global iqlim o‘zgarishlari, pandemiya va boshqa omillar sabab oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishi, taqchilligi kuzatilayotgani ta’kidlandi. Ana shunday sharoitda yurtimizda ham ekologik jihatdan toza va foydali hisoblangan go‘sht, sut va tuxum mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish va aholi ehtiyojlarini qondirish eng dolzarb masalalardan biridir.
– Nega Prezidentimiz aynan chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratyapti? Negaki, xalqimiz dasturxonining to‘kinligi, avvalo, ana shu tarmoq rivojiga bevosita bog‘liq, – dedi Oliy Majlis Senatining agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev. – Bizning mintaqamizda buning imkoniyati bor – yer, suv yetarli, quyoshli o‘lkamiz. Ota-bobolarimiz azaldan chorvachilik bilan shug‘ullangan, bu borada tajribamiz bor. Ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, avvalo, mavjud ekin maydonlaridan unumli foydalanishimiz lozim, chunki chorvaga ozuqa kerak. Ozuqani har doim ham sotib olib bo‘lmaydi, bu qimmatga tushib ketadi, uni yetishtirish kerak. Shuningdek, bugun aholiga qoramol, qo‘y, echki va parranda tarqatilyapti. Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz bu tashabbusdan foydalanib tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda – ham ro‘zg‘orini butlayapti, ham daromad qilyapti. Albatta, bu borada ularga shu soha bo‘yicha mutaxassislarning, olimlarning yordami zarur. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari chorvachilik sohasini ilmiy asoslangan holda rivojlantirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surib, vazifalarni belgilab berdi.
Seminarda institut olimlari tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar, ilmiy tadqiqotlar va ularning natijalari haqida ma’lumot berildi. Institut rektori, professor Xudoynazar Yunusov chorva mahsuldorligini oshirish, naslchilikni yaxshilash, sohaga ilm-fan va ilg‘or tajribalarni joriy etishda Samarqand veterinariya meditsinasi institutining roli haqida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida sohaga oid qonunchilik yuzasidan ham fikr almashildi va institut olimlari bu borada o‘z takliflarini bildirdilar.