«SES»ga kasalni aniqlashga boryapmizmi yoki yuqtirishga?

Aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasini yuqtirish holatining ko‘payishi barchamizni hushyorlikka undamoqda. O‘zida bu kasallikning biror alomatini sezgan inson borki, test topshirib, tezroq shubha-gumonlardan qutulishni istaydi. Ammo...

Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasida kishining ta’bini xira qiladigan holatning guvohi bo‘ldim. Markazga o‘zida koronavirus bor yoki yo‘qligini aniqlash uchun test topshirish maqsadida kelganlarning aksariyati tibbiy niqob taqmagan. Niqobi borlar ham uni qo‘liga “bilakuzuk” qilib, olib yuribdi.

Navbatda yettinchi bo‘ldim. Uning boshrog‘ida olifta bir ayol bog‘cha yoshidagi ikki farzandi bilan turibdi. Navbat kutayotganlardan kimdir yo‘talyapti, yana kimdir niqobini qo‘lida chilpirak qilib o‘ynab o‘tiribdi. Ayol esa befarq. U na o‘zi va na bolalariga niqob taqqan.

Navbatga kelib qo‘shilgan otaxon bunga jim qarab tura olmadi:

- Bu deyman, qizim, tekshirtirish uchun emas, yuqtirishga kelibsiz-da! Bolalarni ayasangiz bo‘lmaydimi?

Bu gapdan keyin navbatda turganlar birin-ketin niqobini taqa boshladi. Ona-bolalarning ortida turgan, yo‘tali kuchaygan odamning niqobi yo‘q shekilli, boshini kurtkasining ichiga tiqdi. Faqat, haligi ayol beparvoligicha qoldi.

Afsuski, bugun savdo do‘konlari, rastalar, bozorlarda vaziyat bundan-da yomon. Oddiy sanitariya qoidalariga amal qilmay o‘zimiz va yaqinlarimiz salomatligini xavf ostida qoldirmoqdamiz.

Xo‘sh, salomatlik kim uchun muhim? Niqobni o‘zimizning sog‘lig‘imiz uchun taqamizmi yoki jarimadan qo‘rqibmi? Ozgina e’tiborli, mas’uliyatli bo‘laylik…

Asqar Barotov.