Sherzod Shermatov: Tizimdagi o‘qituvchilarning qariyb 60 ming nafari oliy ma’lumotga ega emas

Kecha, 3 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri va mutasaddi xodimlari hamda jurnalistlar ishtirokida ochiq muloqot tashkillashtirildi.

Ochiq muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PF-5712 Farmoni ijrosi va mohiyati haqida ma’lumot berildi.

9 ta ustuvor yo‘nalish va 48 ta maxsus kriteriya bo‘yicha bajarilishi ko‘zda tutilgan Konsepsiyaning sohani malakali kadrlar bilan to‘ldirishga doir qismi haqida fikr yuritar ekan, Sherzod Shermatov ayni paytda bu boradagi ahvol maqtanarli emasligini aytib o‘tdi.

«Tizimda ishlayotgan o‘qituvchilarning qariyb oltmish ming nafari oliy ma’lumotga ega emas. Shunday taassurot uyg‘onadiki, ular xuddiki hech qayerda ish topolmagandan so‘ng «Men ham qayerdadir ishlashim kerak-ku», deb maktabga kelgandek», deydi Sherzod Shermatov.

Vazir davlat rahbarining 5 ta tashabbusidan biri - kitobxonlik va yoshlar mutolaasi to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Hozir hamma xalq ta’limi tizimi bo‘yicha ekspert. Shulardan ayrimlari kitoblarni birato‘la yo‘q qilib, har bitta o‘quvchining qo‘liga planshet berish va darsni ham to‘liq elektron shaklda o‘tishni maslahat qilishgan. Ammo men bunga hamisha qarshi bo‘lganman. Kitob hech qachon yo‘qolmaydi. Taraqqiyot ming kuchaymasin, kitob o‘qish ham hech qachon yo‘q bo‘lmaydi. Agar bunday bo‘lganida edi, hozirgi kunda AQShdagi mashhur Amazon portalida 40 million turdagi kitob joylashtirilmagan bo‘lar edi», degan vazir.