Sovuq kunlarda ichimlik suvi uzilib qolmaydimi?

Viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan brifingda “Samarqand suv ta’minoti” MChJ direktori o‘rinbosari T.Siddiqov shu kabi savollarga javob berdi.

Uning aytishicha, bugungi kunda viloyatimizda aholining 75,4 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan, 24,6 foizi esa muqobil ichimlik suv manbalaridan foydalanib kelmoqda. Ularga 1837 ta ichimlik suv inshooti, 6400 kilometr ichimlik suv tarmoqlari, 30 ta oqova suv tozalash inshootlari, 727,7  kilometr oqova suv tarmoqlari xizmat qilmoqda. 

Joriy yilda 347,3 milliard so‘m mablag‘ sarflab 806,2 kilometr tarmoq va 167 ta inshoot qurildi va rekonstruksiya qilinishi sababli chekka hududlardagi 94 ta mahallada yashovchi 85,9 ming aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanib, 160 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Oqova xizmati bilan ta’minlanish darajasida esa 18,3 foizdan 20,6 foizga yaxshilandi. 

Shuningdek, brifingda qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida “Samarqand suv ta’minoti” MChJ tomonidan shahar va tumanlarda kechayu-kunduz ishlaydigan avariya brigadalari va ma’sul xodimlardan iborat navbatchiliklar tashkil etilgani aytildi. Buning uchun qo‘shimcha 24 ta avariya brigalari tuzilib, 35 ta maxsus texnikalar jalb qilingan. Ularga 109 nafar xodim biriktirilgan. 

- Joriy yilning 14 dekabr holatiga ichimlik suvi tarmoqlarida viloyat bo‘yicha 35 ta nosozlik sodir bo‘lgan bo‘lsa, shundan 32 tasi bartaraf etildi, 3 tasi bo‘yicha ish olib borilmoqda, - dedi T.Siddiqov. - Bugungi kunda 5,5 kilometr ichimlik suv tarmoqlari, 15 dona suv nasosi, 20 dona maxsus uskunalar, 30 dona muzni eritish uskunasi, 6 tonna yoqilg‘i hamda boshqa uskunalar zaxirasi yaratilgan.

Dilmurod TO‘XTAYeV.