Sud mustaqilligi - jamiyatda adolat tantanasi garovi
Samarqand viloyat sudi majlislar zalida o‘tkazilgan o‘quv-seminarining mavzusi ana shunday nomlandi.
Viloyat va tuman-shahar sudlari sudyalari, Ma’muriy ishlar bo‘yicha viloyat sudi sudyalari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari A.To‘xtashev, S.Rahmonov va F.Tursunov qonunchilikdagi o‘zgarishlar xususida batafsil tushuncha berdi.
Ta’kidlandiki, adolat va qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda fuqarolar erkin va farovon yashaydi, davlat har tomonlama rivojlanadi. Shu sababli sud tizimini isloh qilish davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida. Bu esa, shubhasiz, sud hokimiyati xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Afsuski, O‘zbekistonning o‘rni tegishli xalqaro reytinglarda pastligicha qolmoqda. Bu esa sud tizimi va uning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish lozimligidan dalolat beradi.
- 2020 yil 24 iyulda Prezidentimiz tomonidan "Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish, odil sudlov samaradorligini oshirish va sudyalar mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmon imzolandi, - dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi A.To‘xtashev. - Mazkur farmonda sud tizimida bir qator tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlar nazarda tutilgan bo‘lib, ular inson huquq va manfaatlarini sud orqali ishonchli himoyasini yanada kuchaytirish, sud tizimini ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga moslashtirishga ko‘maklashadi.
2021 yil ham qonunchilikda sermahsul va samarali boshlandi. Izchil olib borilayotgan sud-huquq islohotlarining davomi sifatida 12 yanvar kuni Prezidentimiz bir qator qonunlarni imzoladi. O‘zbekiston Respublikasining sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan jinoyat-protsessual, fuqarolik protsessual, iqtisodiy protsessual, ma’muriy sud ishlarini yuritish va ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlari qabul qilinishi sud-huquq tizimidagi islohotlarning nafaqat izchil davom etayotgani, ayni chog‘da yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.
Tadbirda bu qonunlarda fuqarolar huquqini ta’minlash yo‘lida katta yangiliklar belgilangani, ularni og‘ishmay ijro etish esa sudyalardan katta bilim va malaka talab qilishi alohida ta’kidlandi.
Samarqand viloyat sudi axborot xizmati.