Sudya fuqarolar savollariga javob berdi

Turmush o‘rtog‘im bilan ajrashish arafasidaman, birgalikdagi turmushimizdan bir nafar voyaga yetmagan farzandimiz bor. Nikohdan ajratishda mol-mulklarning bo‘linish tartibi qanday? Voyaga yetmagan farzandimning hissasi ham bormi?

Er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda, shuningdek ularning shu mol-mulkdagi ulushlarini aniqlashda, er va xotinning ulushlari teng deb hisoblanadi. Sud voyaga yetmagan bolalar manfaatlarini hisobga olib, ulushlar tengligidan chekinishga haqli. Farzand ota-onaning mol-mulkini talab qilishga haqli emas, faqat ota(ona)ning vafotidan so‘ng vorislik huquqi asosida merosxo‘r bo‘lishi mumkin.

Erim bilan nikohdan o‘tmasdan turmush qurganmiz, o‘rtamizda bitta farzandimiz tug‘ilgan. Baxtga qarshi, erim kasallikka chalinib, vafot etdi. Bolaga nafaqa tayinlashni so‘rab murojaat qilganimda, uning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasida erimning ism-sharifi ko‘rsatilmaganini vaj qilishib arizamga rad javobi berishdi. Menga yo‘l-yo‘riq ko‘rsating.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 295-moddasi tartibida sud otalikni belgilash faktini aniqlash to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi. Siz mazkur holatda marhum turmush o‘rtog‘ingiz bilan haqiqatdan ham norasmiy oilaviy munosabatlarda bo‘lganligingizni hamda birgalikdagi turmushlaringizdan bir nafar farzandingiz tug‘ilganligini tasdiqlovchi hujjatlar (tug‘ilganlik haqida guvohnoma nusxalari, to‘y fotosuratlari, mahalla dalolatnomasi va boshqa dalillar) ni ilova qilgan holda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqiga egasiz.

O‘zimga tegishli bino bo‘yicha fuqaro bilan ijara shartnomasi tuzganman, lekin u shartnoma majburiyatlarini bajarmasdan ijara to‘lovlarini to‘lamayotgani uchun sudga murojaat qilmoqchiman. Qanday hujjatlar talab qilinadi? Sudga internet orqali murojaat qilsam bo‘ladimi?

Sudga ijara to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi da’vo arizasi taqdim qilinib, arz qilingan talablarni isbotlovchi hujjatlar (ijara shartnomasi, qarzdorlik to‘g‘risida ma’lumotnoma), shuningdek pasportingiz nusxasi, davlat boji to‘langanligi to‘g‘risida pattalar ilova qilinadi. «E-SUD» tizimi orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha respublikamizdagi barcha sudlarga istalgan kun, vaqt va masofadan turib hujjatlarni elektron tarzda topshirishingiz mumkin. «E-SUD» axborot tizimi orqali jismoniy va yuridik shaxslarga fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga ariza  va da’vo arizalarini yuborish, sud majlisi o‘tkaziladigan sana va vaqti bo‘yicha ma’lumot olish, sud hujjatlari va chaqiruv qog‘ozlarini elektron ravishda olish, sud ishi bo‘yicha materiallar bilan tanishish, sudlar to‘g‘risida ma’lumot olish kabi interaktiv xizmatlar ko‘rsatiladi.

Qishloqdoshim tilla buyumlarimni sotib berishni va’da qilib olgandi. Keyinchalik pulni ham, buyumlarni ham bermagani uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildim. Jinoyat ishlari bo‘yicha sudda ish ko‘rilib, aybi isbotlandi. Menga yetkazilgan zararni qanday undirsam bo‘ladi?

Fuqaroning qonunga xilof xatti-harakatlari mulkiy huquqlaringizga qarshi qaratilganligi oqibatida yetkazilgan moddiy zarar, shuningdek ma’naviy zararni undirish haqida siz fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo talabi bilan murojaat qilishga haqlisiz. Sudlarda jinoyat tufayli yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan da’vogarlar davlat boji to‘lovidan ozod qilinadi.

Savollarga fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat

sudining sudyasi G.Esanova javob berdi.