Tadbirkor va SamDChTI o‘rtasida kelishuv bo‘lsa, talabalar uchun qo‘shimcha avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi hamda Zarnews.uz sayti hamkorlikda yoshlarni qiynayotgan muammolar o‘rganilmoqda.

Xususan, yoshlar tomonidan jamoat transporti qatnovida qo‘shimcha avtobuslar va yo‘nalishsiz taksilarda naxlarni me’yorlashtirish masalasi ham bildirilmoqda.

Samarqand shahridagi yo‘nalishlarda harakat qilayotgan avtobuslarning jadvali 20:00 ga qadar belgilangan. Qolaversa, avtobuslar 18:30 dan so‘ng yo‘lovchilar oqimining kamayishi hisobiga qisqartirilgan jadval asosida harakatlanadi. Ammo hozirgi vaqtda ba’zi yo‘nalishlarda harakat 19:00, ba’zilarida 19:30 da yakunlanmoqda. Buning sababi, o‘tkazilgan kuzatuvlar natijasida 19:30 dan so‘ng avtobusga bo‘lgan talab mingdan bir foizga to‘g‘ri keladi. Shu tufayli tadbirkorlar yoqilg‘i moylash mahsulotlarining sarfini kamaytirish maqsadida avtobuslar harakatini to‘xtatadi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi ma’muriyati avtotransport sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni tender shartlarini buzmaslikka chaqirmoqda. Aks holda ularga belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rilishi ma’lum qilinayotir.

O‘tkazilgan o‘rganish natijasida Samarqand davlat chet tillar institutida so‘nggi dars mashg‘ulotlari soat 20:20 da, qolgan oliy ta’lim muassasalarida 19:30 ga qadar yakunlanishi ma’lum bo‘ldi.

Shu bois qo‘shimcha ravishda avtobuslarda tashuvlarni amalga oshirish maqsadida SamDChTI ma’muriyati ko‘magida yo‘lovchilar oqimini o‘rganish orqali avtobuslarda tashuvlarni amalga oshirish yuzasidan suhbat o‘tkazildi.

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, tadbirkorning ham huquqlarini buzmaslik lozim. Sarflanadigan yoqilg‘i mahsulotlarini qoplash masalasiga ham yechim topish kerak. Shuning uchun tadbirkor va SamDChTI o‘rtasida kelishuv shartnomasini imzolash talab etiladi. Tadbirkorlar va SamDChTI ma’muriyati o‘rtasida kelishuvga erishsak, albatta qo‘shimcha avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda institut rahbariyatiga avtokorxonalar bilan shartnoma tuzish taklifi berildi.

Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq, yo‘nalishsiz taksilarning yo‘lovchilarni tashish va bagajni tashish tariflari miqdori tashuvchi tomonidan belgilanadi. Ya’ni, tashuvchilar o‘z sarf-xarajatlaridan kelib chiqib, narx belgilaydi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.