Tarmoq kasaba uyushmasi iqtidorli yoshlarni otaliqqa oladi

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasida Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi hamda mazkur sohaga aloqador vazirliklar, jamoat tashkilotlari hamda ijodiy uyushmalar o‘rtasida tarmoq kelishuvlarini imzolashga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, “O‘zbekkino” davlat unitar korxonasi, Badiiy akademiya mutasaddilari, tarmoq kasaba uyushmasi faollari, madaniyat, sport va san’at sohasi faxriylari ishtirok etdi.

Kasaba uyushmalari faolligini oshirish, madaniyat, sport va turizm sohasida mehnat qilayotgan xodimlar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida o‘tgan 2020 yilning sentyabr oyida Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi tashkil etilgan edi. Qisqa vaqt ichida mazkur tarmoq kasaba uyushmasi 1173 ta boshlang‘ich tashkilotni hamda tarmoq tashkilot va muassasalarida mehnat qilayotgan 91 ming 329 nafar madaniyat, sport va turizm sohalari xodimlarini birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

Tadbirda tarmoq kasaba uyushmasi respublika kengashi hamda ijtimoiy sheriklar o‘rtasida tarmoqni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, mehnat shartlari va unga haq to‘lash, xodimlarning ijtimoiy kafolatlarini belgilab beruvchi tarmoq kelishuvlari imzolandi.

Mazkur tarmoq kelishuvlariga madaniyat, kino va tasviriy san’at tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlarni rag‘batlantirib borish, sohaga malakali mutaxassislarni jalb etish maqsadida mehnatga haq to‘lash tizimini qayta ko‘rib chiqish, xodimlarga uy-joy sotib olish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishiga ko‘maklashish, soha vakillarining xalqaro loyihalardagi ishtirokini ta’minlash orqali tajriba almashish tizimini yo‘lga qo‘yish kabi dolzarb masalalar kiritilgan.

Shuningdek, tarmoq kelishuvlariga kino sanoati, nomoddiy madaniy merosimizning ajralmas qismi bo‘lgan xalq ijodiyoti, tasviriy san’at yo‘nalishlaridagi eng yorqin asarlarni xalqaro arenalarga olib chiqish, har yili turizm sohasida ilg‘or natijalarga erishgan xodimlarga hordik chiqarishi, sog‘ligini tiklashi uchun kasaba uyushmalari sihatgohlariga imtiyozli yo‘llanmalar ajratish, madaniyat va san’at sohasi xodimlari uchun sog‘lomlashtirish markazini tashkil etish, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliygohlar talabalarining xorijiy davlatlardagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘quv amaliyotini o‘tashlariga erishish kabi masalalar kiritilgan.

Bundan tashqari, iqtidorli yoshlarni otaliqqa olish, ularning dunyo sahnasiga chiqishiga ko‘mak berish, o‘quv yili davomida muvoffaqiyatlarga erishgan qobiliyatli va ijtimoiy-iqtisodiy ko‘makka muhtoj talabalar uchun “O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi stipendiyasi”ni joriy etish yo‘nalishlaridagi ishlarni amalga oshirish ham kelishib olindi.

Tarmoq kelishuvlarining yana bir ahamiyatli jihati shundaki, ularda ko‘p yillar mobaynida mehnat qilib, xalq e’tiborini qozongan, yurtimiz madaniyati va san’ati rivojiga hissa qo‘shgan ustoz-faxriylarga e’tiborni kuchaytirish, ularga g‘amxo‘rlik va e’zoz ko‘rsatish masalalari ham o‘z aksini topgan. Xususan, tarmoq kelishuvlariga muvofiq volontyorlarni jalb etgan holda yakka-yolg‘izlardan xabar olish, tug‘ilgan kun va kasb bayramlarida faxriylarni munosib taqdirlash, ular hayotidagi ijtimoiy-maishiy muammolarni hal etishda ko‘maklashish, tarixiy shaharlarga sayohatlar uyushtirish maqsadida “Faxriylar poyezdlari”ni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi axborot xizmati.