Kattaqo‘rg‘onlik yigit tashlandiq yerni ijaraga olib bog‘ va issiqxona yaratdi
Siz tasvirda ko‘rib turgan bu bog‘ o‘rni bundan 2-3 yil ilgari qarovsiz, tashlandiq yer bo‘lgan. Bu yerni Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi yosh yigit Anvar Bekmurodov uzoq muddatga ijaraga olib, dehqonchilik bilan shug‘ullanishga qaror qildi.
- Harbiy qismga qarashli tashlandiq yerda bog‘ yaratishga harakat qilyapman, - deydi u. - Bu yerning bir qismida imtiyozli kredit evaziga 4 ta issiqxona barpo etdim va pomidor, limon, bulg‘or qalampiri kabi mahsulotlar yetishtiryapman. Qishda issiqxona haroratini me’yorida saqlab turish uchun aqlli qozonxonalar o‘rnatdik. Ayni paytda pomidorlar pishib yetildi. Aholiga arzon narxlarda yetkazib beryapmiz.
2 sotixlik issiqxonada birgina pomidor hosilining o‘zidan 15 million so‘m daromad topsa bo‘lar ekan.
Bu yerning umumiy maydoni 80 sotix bo‘lib, 60 sotix joyida bog‘ yaratilgan.
- Bog‘da ming tup olma ko‘chatlari o‘tqazilib, parvarishlanyapti, - deydi A.Bekmurodov. – Ko‘chatlar katta bo‘lgunga qadar oralarida qulupnay, dukkakli ekinlar va boshqa mahsulotlar yetishtirib olyapmiz. Bu daraxtlar ham kelgusi yil hosilga kiradi. Ayni paytda bu yerda 4 kishi doimiy ish bilan band.
Anvar Bekmurodov kelgusida baliqchilik va parrandachilik bilan ham shug‘ullanishni maqsad qilgan.
To‘lqin SIDDIQOV,
Husan ELTOYeV.