TATU Samarqand filiali bahorgi semestr fanlari bo‘yicha masofaviy ta’limni yo‘lga qo‘ydi
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Samarqand filialida o‘quv jarayonining uzluksizligini ta’minlash va talabalarning bilim olish darajasini masofadan turib metodik qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2019-2020 o‘quv yili bahorgi semestr fanlari bo‘yicha masofaviy ta’lim tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yildi.
Moodle elektron ta’lim (http://moodle.samtuit.uz/) tizimiga 6 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va 2 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 95 ta fanlar bo‘yicha elektron resurslar va metodik materiallar joylashtirildi.
Bundan tashqari, professor-o‘qituvchilar tomonidan akademik guruhlar uchun Google Classroom tizimi va telegram kanallari orqali ham dars jadvaliga mos ravishda mashg‘ulotlar tashkil etilgan. Shu bilan birgalikda, oliygoh axborot-resurs markazining “Elektron kutubxona” telegram (https://t.me/library_sbtuit) kanaliga elektron darsliklar va badiiy adabiyotlar joylashtirib borilmoqda.
Fanlar bo‘yicha elektron resurslar vazirlikning https://tube.edu.uz/ media portaliga va universitetning https://www.youtube.com/ sahifalariga ham joylashtirilmoqda.
Fakultetlarda ZOOM dasturi orqali kafedra yig‘ilishlari hamda videokonferensiya-seminar ko‘rinishida zamonaviy dasturlash tillari bo‘yicha o‘quv kurslari o‘z ishini boshladi.
Dasturlash kafedrasi qoshidagi Dasturchilar klubi tomonidan 16 martdan boshlab talabalar o‘rtasida “Dasturlash bo‘yicha on-line musobaqalar” va Python hamda C# dasturlash tillari bo‘yicha masofaviy kurslar bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
Hozirgi kunda TATU Samarqand filiali, SamDU hamda NamDU talabalari hamkorlikda "STAY AT HOME" mavzusida 6 kunlik (7-12 aprel) Dasturlash bo‘yicha onlayn musobaqaga arizalar qabul qilinmoqda.