Tergovchiga 3 ming AQSh dollarini pora tariqasida bermoqchi bo‘lgan ayol ushlandi
2021 yil 30 iyul kuni Samarqand shahar IIB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda Samarqand shahar Bag‘dod ko‘chasida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan S.Sh. yashash xonadonida fohishaxona tashkil etganligi aniqlanib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
S.Sh. qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan Samarqand shahar IIB 3-son IIB tergov bo‘linmasi tergovchisi yoniga kelib, uning ishini pul evaziga ijobiy hal qilib berishini so‘rab, 3 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan.
Xodim unga pora berish jinoyat ekanligini bir necha marotaba tushuntirishiga qaramay, S.Sh. 28 avgust kuni 3 ming AQSh dollarini berish uchun kelishini aytib ketgan.
Holat yuzasidan tergovchi viloyat IIB boshlig‘i nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan.
Bildirgiga asosan, 28 avgust kuni viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda Samarqand shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi, deya xabar berdi Samarqand viloyati IIB axborot xizmati. Tadbir davomida fuqaro S.Sh. tergovchiga 3 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida bergan vaqtida ushlanib, hujjatlashtirib olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.