Tojikistonlik fuqaroda tana harorati yuqoriligi kuzatildi

Viloyatga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha viloyat komissiyasining yig‘ilishida mazkur komissiya raisi o‘rinbosari, viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi bosh vrachi vazifasini bajaruvchi X.Boymurodovning ta’kidlashicha, viloyat hududiga chetdan koronovirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida Samarqand xalqaro aeroporti va Urgut tumanidagi “Jartepa” chegara postidagi sanitariya-nazorat punktlari kerakli jihoz va tibbiy buyumlar bilan ta’minlangan, bir nafardan infeksionist navbatchilikka qo‘yilgan.

Joriy yilning yanvar oyida Samarqand xalqaro aeroport orqali 121 ta reysda jami 14606 nafar yo‘lovchi kelgan. Ularning 947 nafari chet el fuqarolari, jumladan, 16 nafari Xitoy Xalq Respublikasidan. Bu yo‘lovchilar orasida tana harorati oshgan bemorlar aniqlanmagan.

Fevral oyining 4 kunida esa 15 ta reysda kelgan 1823 nafar yo‘lovchining 93 nafari chet el (8 nafari xitoylik) fuqarolari bo‘lgan. Bu yo‘lovchilarning bir nafarida tana harorati yuqoriligi aniqlangan.

Tojikistonlik bu yo‘lovchi aeroport sanitariya-nazorat punktiga izolyasiya qilinib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining tezkor konsultativ guruhi tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Yo‘lovchiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatilgandan keyin tana harorati normallashgan va sog‘ligidan shikoyat bo‘lmaganligi sababli javob berilgan.