Tramp bilan do‘stlik, keng shim va atom bombalar yoki Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning 10 yillik hukmronligi nima bilan esda qoldi?
(Birinchi maqola)
Zamonamizning g‘ayrioddiy jahon liderlaridan birining 10 yillik hukmronligi davrining eng yorqin va muhim epizodlari: g‘azablangan amerikalik basketbolchi bilan do‘stlikdan tortib, Janubiy Koreya seriallarini tomosha qilgan uchun o‘lim jazosigacha…
Bundan roppa-rosa 10 yil avval, 2011 yil 17 dekabr kuni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Ir olamdan o‘tdi. Uning o‘rnini uch o‘g‘lining eng kichigi - Kim Chen In egalladi. Avvaliga ko‘pchilik yosh rahbarni o‘ta bo‘sh deb hisoblab, tezda ag‘darilishi yoki nufuzliroq amakisi qo‘lida qo‘g‘irchoq rolini bajarishini bashorat qildi. Biroq, Kim "xalqning suyukli otasi" qiyofasini yaratib, nafaqat hukumatni saqlab qolishga, balki mamlakat mavqeini sezilarli darajada mustahkamlashga, yadroviy bombani uch marta sinash, Qo‘shma Shtatlar bilan deyarli urush boshlash va ko‘pchilik uchun kutilmaganda Donald Tramp bilan do‘stlashishga muvaffaq bo‘ldi.
Yetakchining tug‘ilishi
Shimoliy Koreya dunyodagi eng «yopiq» davlatlardan biri sanaladi. Mamlakat ichkarisida sodir bo‘layotgan voqealar haqida ma’lumotlar juda kam: asosiy ma’lumotlar KXDR davlat matbuoti hamda Janubiy Koreya va AQSh razvedka xizmatlaridan olinadi.
Demak, hozirgi mamlakat rahbari Kim Chen Inning hatto yoshi ham sirligicha qolmoqda. KXDR rasmiy hisobotlarida Kimning tug‘ilgan sanasi 1982 yil 8 yanvar deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, Janubiy Koreya razvedka xizmatlari u bir yil keyin tug‘ilgan deb hisoblaydi. Keyinroq Shimoliy Koreya rasmiylari uning tug‘ilgan sanasini mamlakat uchun muhim sanalar - otasi Kim Chen Ir tavalludining 40 yilligi, bobosi va mamlakat birinchi rahbari Kim Ir Sen 70 yilligiga moslashtirgani ma’lum bo‘ldi.
Kimlar shaxsiga sig‘inish
Kim Chen Inning 2010 yilda mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtiroki boshlandi: u general unvonigacha ko‘tarildi va Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi a’zosi etib saylandi. Oradan bir yil o‘tib, 2011 yil 17 dekabrda Kim Chen Ir vafot etdi va uning o‘g‘li Shimoliy Koreya yetakchisining “buyuk merosxo‘ri” deb e’lon qilindi. 2011 yil 24 dekabrda u Koreya Xalq Armiyasi Oliy qo‘mondoni deb e’lon qilindi.
Kim Chen In bobosi va otasi singari o‘z atrofida shaxsiyatga sig‘inishni shakllantirdi. Butun Kim sulolasi ilohiydek hurmatga sazovor bo‘lib, bobo va birinchi prezident Kim Ir Sen xalq asoschisi sifatida bu panteonda ustun mavqeni egalladi.
Ehtimol, Kimning o‘zini “oilaviy mifologiya” bilan bog‘lash borasidagi eng yorqin urinishlaridan biri bu - Shimoliy koreyaliklar uchun muqaddas Pektusan tog‘ida ot minish bo‘lsa kerak: Kim Ir Sen u yerda otda yapon bosqinchilariga qarshi kurashgan, deb ishoniladi. Xuddi Kim Chen Irning ham aynan shu yerda jang qilgani haqdagi rivoyatdek.
Oddiy odamlarga Shimoliy Koreya yetakchisiga ruhiy va axloqiy jihatdan tenglashish ijozat berilgan bo‘lib, tashqi taqlid qilmoq aslo mumkin emas. Masalan, mamlakat rasmiylari oddiy fuqarolarga KXDR yetakchisi kiygan charm palto kiyishni taqiqlaydi – hatto “alya Kim Chen In” charm paltolarini musodara qiluvchi maxsus politsiya patrullari ham paydo bo‘ldi. Oddiy fuqarolarning bunday soxta kiyim kiyishi oliy rahbar obro‘siga putur yetkazishiga partiyaning ishonchi komil.
Imidj o‘zgardi
Shu bilan birga, Kim Chen In otasidan ko‘ra ochiq va liberal yetakchi obrazini yaratdi. Kim Chen Irdan farqli o‘laroq, muntazam ravishda xalqqa televizion murojaatlar qildi, zavod, qurilish maydonchalari va maktablarga tez-tez tashrif buyurganida rahbar quchoq ochib ko‘rishish va qo‘l siqishdan erinmaydi - fuqarolarga esa "oliy rahbar"ni ko‘rganda quvonch va hayajondan ko‘z yoshlarini tiyish qiyin.
Davlat tashviqotida Kim xalqqa yaqinroq rahbar sifatida namoyon bo‘ladi: u nafaqat qo‘mitalarda kengashadi yoki mamlakatning siyosiy va iqtisodiy yo‘nalishini belgilaydi, balki oddiy odamlar qatori konsertlarga boradi, ot minadi va hatto begona o‘tlarni yuladi. Xullas Kim ma’lum vaqt yosh va faol rahbar qiyofasini shakllantirishga muvaffaq bo‘ldi.
Yadroviy shahzoda
Kim Chen In davrida mamlakat harbiy salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Yangi rahbar yadro dasturini ishlab chiqishga kirishdi va 2013 yilda mamlakat tarixidagi uchinchi yadroviy bomba sinovdan o‘tkazildi. 2015 yilda esa In mamlakat vodorod bomba yaratish harakatida ekani haqda e’lon qildi.
O‘z hukmronligining 10-yilida Kim hammasi bo‘lib uchta yadro qurolini sinovdan o‘tkazdi hamda 100 dan ortiq ballistik raketalar uchirdi. Osiyo-Tinch okeani mintaqasining boshqa mamlakatlari, xususan, Janubiy Koreya va Yaponiyani tashvishga solayotgani – u shu bilan to‘xtamaydi.
Urush yoqasida
Dastlab Kim tashqi siyosatda namoyon bo‘lmadi va o‘zini chetga oldi: dastlabki yillari u mamlakatdan tashqariga chiqmadi, hatto do‘stona Xitoyga ham tashrif buyurmadi.
2017 yilda hamma narsa o‘zgardi. Pxenyan va Vashington o‘rtasidagi keskinlik misli ko‘rilmagan darajaga yetdi: AQShning Janubiy Koreyada raketaga qarshi mudofaa tizimlarini joylashtirishi va KXDR qo‘shma mashqlari Yaponiya yo‘nalishida ko‘plab ballistik raketalar uchirish, yadro qurolining navbatdagi sinovi bilan aks-sado berdi.
Oq uydagi kabinetni kurakka turmaydigan gaplar aytishga tiyilmaydigan, vaqti-vaqti bilan Shimoliy Koreya yetakchisini haqoratomuz laqablar bilan «tegizib» o‘tishga urinadigan Donald Tramp egallab turgani ham yordam bermadi. Ish o‘zaro tahdidgacha borib yetdi: Kim harbiylarga Tinch okeanidagi Guam orolidagi AQSh hududlariga zarba berishga tayyorgarlik e’lon qildi, Tramp esa javoban “olov va g‘azab” bilan tahdid qildi. OAV o‘shanda mamlakatlar o‘rtasida qurolli mojaro ehtimoli haqida jiddiy munozara boshladi.
Koreyada erish
Murakkab tashqi siyosiy vaziyat va yaqinlashib kelayotgan urush tahdidi Kimni diplomatiya bilan yaqindan shug‘ullanishga undadi. Shimoliy Koreya va AQSh rasmiylari o‘rtasidagi aloqalargina keskinlikni bartaraf etishga yordam berdi.
2018 yilda Kim qo‘shni Janubiy Koreya bilan munosabatlarni yaxshilay boshladi. Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
(Davomi bor)