Transport boshqarmasi yo‘lovchilarga qonuniy faoliyat olib borayotgan avtotransport vositalaridan foydalanishni tavsiya qildi

Keyingi vaqtlarda yo‘l kira narxlarining ba’zi haydovchilar tomonidan sun’iy ravishda oshirilishi aholi o‘rtasidagi bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Kimdir haydovchini oqlasa, yana kimdir yo‘lovchi tarafida. Ba’zilar bunga asl sababchi qilib transport boshqarmasini ko‘rsatishadi. O‘zimizni oqlash niyatimiz yo‘q. Shunchaki, masalaning mohiyatiga e’tibor qaratmoqchimiz.

Tashuvlarda belgilangan narxlar borasida Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarni tasdiqlash haqida”gi qarori bo‘yicha yo‘nalishsiz taksilarning yo‘lovchilarni tashish va bagajni tashish tariflari miqdori tashuvchi tomonidan belgilanadi. Albatta, qarorning ushbu bandi yo‘nalishsiz taksilarga tegishli.

Yo‘nalishli taksi va shahar atrofi yo‘nalishida qatnovchi avtobuslar narxi esa tashuvchilar tomonidan berilgan takliflar asosida shahar atrofi va shaharlararo viloyat ichki yo‘nalishlarida yo‘lovchi tashishni tashkil etish komissiyasi tomonidan belgilanadi. Shu o‘rinda bemalol aytish mumkin, Samarqand shahrini tuman markazlari bilan bog‘lovchi yo‘nalishlarda qatnovchi avtobus va mikroavtobuslar narxi bir meyorda, belgilangan narx asosida qatnamoqda.

Hozirgi kunda Bulung‘ur tumani avtoboshbekatidan Samarqand shahridagi “Shohi Zinda” avtoboshbekati oralig‘ida “Bulung‘ur avtoyo‘lovchi trans” MChJga qarashli 8 ta avtobus 316 – “Shohi Zinda ABB - Bulung‘ur ABB” (narxi 2000 so‘m) hamda “Bulung‘ur Laziz trans” MChJga qarashli 20 ta mikroavtobus 316 V “Shohi Zinda ABB - Bulung‘ur ABB” (narxi 5000 so‘m) yo‘nalishida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Ushbu yo‘nalishlarda harakatlanayotgan avtotransport vositalaridan birini tanlagan holda manzilga arzon narxda yetib olish mumkin. Viloyat transport boshqarmasi avtomobillarda tashuvlar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan nazorat qilish bo‘limi inspektorlari tomonidan ushbu yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatuvchi avtotransport vositalari litsenziya talab va shartlariga amal qilishi yuzasidan doimiy tartibda nazorat qilinmoqda.

Hozirgi kunda noqonuniy yo‘lovchi tashish faoliyatini olib borayotgan haydovchilarga qarshi kurash borasida ham belgilangan jadval asosida reyd o‘tkazilmoqda. Joriy yilning 10 oyi davomida 2 864 ta noqonuniy yo‘lovchi tashish holatlari aniqlanib, tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun ma’muriy sudlarga jo‘natilgan. Shundan 600 nafar haydovchi olib borilgan tushuntirishlardan so‘ng faoliyatini qonuniylashtirgan.

Shu o‘rinda yana bir gap, viloyat transport boshqarmasining shaxsiy tarkibi cheklangan. Bir vaqtning o‘zida viloyatning barcha tuman shaharlarida nazorat olib borishning imkoni yo‘q. Shuning uchun jamoatchilik nazorati ham muhim.

Eslatib o‘tamiz, viloyat transport boshqarmasi barcha yo‘lovchilardan qonuniy faoliyat olib borayotgan avtotransport vositalaridan foydalanishni tavsiya qiladi va noqonuniy yo‘lovchi tashuvchi avtomobillar xizmatidan foydalanmaslikka chaqiradi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.