Turizmning yangi ufqlari
Yaqinda davlatimiz rahbari ishtirokida mamlakatimiz turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda sayyohlar oqimi bilan bog‘liq vaziyat tahlil qilindi. Mazkur yig‘ilishda yil boshidan Samarqand eng ko‘p sayyohlarni qabul qilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan sohaga doir qator kamchilik va muammolar, ularning yechimlari ko‘rsatildi.
Turizm sohasi keyingi yillarda tizimli tarzda rivojlanib borayotgani, uning uzoq yillardan beri rejada bo‘lgan, ammo amalga oshmagan turlari rivojlanayotganini kuzatib boryapmiz. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu sa’y-harakatlarning zamirida yurtimiz obodligi hamda aholining bandligini ta’minlash, daromadini oshirish maqsadi mujassam.
Yana 7 ta mehmonxona ochiladi
Bugun viloyatda turizmning 13 turi (ziyorat, ekskursion, gastronomik, biznes, ekoturizm, etnoturizm, tog‘-ekstremal, sport, ishbilarmonlik, ta’lim, tibbiy, tranzit) faoliyat olib bormoqda. 60 ta ziyorat turizmi ob’yekti, 42 ta gastronomik, 14 ta etnoturizm, 26 ta ekoturizm, 16 ta agroturizm, 21 ta tibbiyot turizmi ob’yektlari mavjud.
Mehmonlarning Samarqandda bemalol sayohat qilishlari uchun mehmonxonalarning ahamiyati katta. Ayni paytda 14 mingga yaqin o‘ringa ega bo‘lgan 488 ta joylashtirish vositalari faoliyat yuritadi. Birgina 2022 yilda 4248 o‘rinli 32 ta yangi mehmonxona ochildi. Sentyabr oyida 13 ta yangi mehmonxona foydalanishga topshirildi.
Yil yakuniga qadar yana 840 o‘rinli 7 ta mehmonxona foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Bir kunlik xarajat – 152 aqsh dollari
2022 yil boshidan 15 sentyabrga qadar Samarqandga 114 davlatdan 553 ming 68 nafar xorijlik sayyoh tashrif buyurdi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 112 ming nafar bo‘lgan. Samarqandga tashrif buyurgan sayyohlarning 213 ming nafari Rossiya Federatsiyasidan, 125 ming nafari Tojikiston, 72 mingga yaqini Qozog‘iston, 18 mingga yaqini Turkiyadan kelgan.
Bugungi kunda turistlarning Samarqandda o‘rtacha qolishi 2,6 kunni tashkil qilmoqda. 2021 yilda bu 2 kun bo‘lgan. Xorijlik turistlarning bir kunlik xarajati 152 AQSh dollarini, mahalliy turistlarniki 550 ming so‘mni tashkil etmoqda. Ularning yana bir kun qolish kunlarini uzaytirish orqali turizm xizmatlari eksporti yiliga qo‘shimcha 14 million AQSh dollariga ko‘payadi.
Turizm qishloqlari
Keyingi yillarda turizmning rang-barangligini oshirish, qolaversa, milliy urf-odat, an’analarimizni namoyish qilish maqsadida hududlarda turizm qishloqlari tashkil etilmoqda. Samarqandda hozircha beshta - Konigil, Tersak, Choshtepa, Andoqsoy, Oqsoy turizm qishloqlari tashkil etilgan. Ushbu maskanlarda sayyohlarga 100 ga yaqin mehmon uylari xizmat ko‘rsatmoqda.
Yangi yo‘nalishlar, yangi parvozlar
Bugungi kunda viloyatda 192 ta turoperator, 410 nafar gid-tarjimon faoliyat yuritib, 144 ta turistik avtobus, 136 ta mikroavtobus harakatda. Transport vositalari bir vaqtning o‘zida 7200 nafar turistga xizmat ko‘rsata oladi.
Bir hafta davomidagi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 8634 nafar sayyoh havo yo‘llari orqali, 14600 nafari temir yo‘llari hamda 23890 nafar sayyoh avtobus va xususiy transportlar orqali Samarqandga kelgan.
21 sentyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining flaydubai aviakompaniyasi tomonidan “Dubay-Samarqand” yo‘nalishida birinchi aviaqatnov qabul qilindi.
Dastlab, haftasiga ikki marta, keyinchalik haftasiga to‘rt marta aviareyslar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bugundan esa “Andijon – Samarqand – Andijon” yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi.
Toyloqda logistika va dam olish markazi quriladi
Viloyat bo‘yicha turizm sohasida 5,9 trillion so‘mlik 365 ta loyihani amalga oshirish orqali 21 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 2022 yil 8 oyi davomida 18,5 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.
Yaqinda Samarqand tumanidagi Konigil turizm qishlog‘i-ning ikkinchi bosqichi qurilishi boshlandi. Ushbu loyiha doirasida 100 ta turizm ob’yekti va 500 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Yirik investitsion loyihalar haqida aytadigan bo‘lsak, ular anchagina salmoqli. Xususan, Hazrati Dovud ziyoratgohiga tutash hududda loyiha qiymati 12 million AQSh dollari bo‘lgan dor yo‘li barpo etilmoqda. 2023 yilda qurilishi yakunlanishi ko‘zlanayotgan mazkur loyiha doirasida 8 gektar hududda turizm kompleksi tashkil etiladi.
Shuningdek, Toyloq tumanida 2022-2025 yillarda Imom ad-Doromiy maqbarasini ta’mirlash, yangi masjid, kutubxona, o‘quv xonalarni barpo etishni o‘z ichiga olgan loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. 2023 yil sentyabriga qadar tumanda “Bro Beans” korxonasi tomonidan 110 o‘rinli mehmonxona, logistika markazi va dam olish maskani foydalanishga topshiriladi.
Madaniy meros ob’yektlarida avtoturargohlar yetishmaydi
Afsuski, amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, kamchiliklar ham anchagina. Ularning yechimi ustida izlanishlar olib borilmoqda. Misol uchun, viloyatdagi tarixiy obidalar va muzeylar imkoniyatlarining bor-yo‘g‘i 50 foizidan samarali foydalanilmoqda.
Qolaversa, viloyatda salohiyatga ega 98 ta madaniy meros ob’yekti mavjud bo‘lib, hozirgi vaqtda ulardan 51 tasi sayyohlik yo‘nalishlariga kiritilgan.
Yaxshi bilamiz, xorijdan kelgan mehmon kunning barcha qismidan unumli foydalanishni, ya’ni dam olishni istaydi. Afsuski, viloyatda sayyohlarning tungi payt mazmunli dam olishlari uchun maskanlar kam.
Nurobod — tibbiyot turizmi hududi
Nurobod tumanida joylashgan rodonli suv bilan davolashga ixtisoslashtirilgan sihatgohlarni birlashtirgan holda tibbiyot turizmi zonasini tashkil etish, bunda tashabbuskor tadbirkorlar va xorijiy investorlarni jalb
etgan holda hudud infratuzilmasini yaxshilash kundan-kunga talab ortib borayotgan mahalliy sayyohlarning ehtiyoji sanaladi. Maxsus soliq imtiyozlarini joriy etish, tibbiyot uskunalarini olib kirishga imtiyoz berish orqali hududda infratuzilmaning yaxshilanishi hamda nafaqat mahalliy, balki xorijlik sayyohlarni ham ko‘proq jalb etish imkoniyati mavjud.
Mamlakatimiz rahbari o‘tkazgan yig‘ilishda “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” targ‘ibot kampaniyasini o‘tkazish belgilandi va bu borada amaliy ishlarni boshladik.
Yil yakunigacha yangi turistik markazda bir qator xalqaro anjuman va forumlar, musobaqalar o‘tkazish ko‘zda
tutilgan. Jumladan, 8-9 oktyabr kunlari triatlon bo‘yicha Osiyo kubogi musobaqasi va xalqaro gastronomik festival, 24-27 oktyabr kunlari O‘zbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi, noyabr oyida iqtisodiy forum va turkiy tilli davlatlar rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi, Samarqand yarim marafoni o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Rustam QOBILOV,
viloyat hokimi o‘rinbosari -
turizm va madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i.