Urgutga poyezd boradi

Bunday olib qaralsa, Urgutga avtotransport qatnovida muammo yo‘q. Tumanning istalgan hududiga avtomobil, avtobusda borish mumkin, dasht va tog‘ oralarida ham yo‘l infratuzilmasi yaratilgan.
Faqatgina bir masala borki, azaldan tadbirkor bo‘lgan urgutliklarning bugun savdo-sotiq, sanoat ishlab chiqarishida yuqori o‘sish sur’atlarini qayd etib, tayyorlayotgan mahsulotlarni eksport qilish hamda chetdan zarur texnika, texnologiya olib kelishda uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilishga zarurat paydo bo‘ldi. Buni esa davlat rahbari ko‘ra oldi va Urgutga temiryo‘l tarmog‘i tortish tashabbusini ilgari surdi. Ana shu ezgu niyat, xayrli tashabbus bu yil amalga oshirilmoqda.
Uzunligi 55 kilometr bo‘lgan yangi tarmoq “Toshtemiryo‘lloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan bosh reja asosida zamonaviy muhandislik yechimlari hisobga olingan holda barpo etilmoqda.
Samarqand shahar hududidan boshlanuvchi yangi temiryo‘l tarmog‘i Jomboy tumanidagi “MAN” zavodi yaqinidan 4R-238 avtomobil yo‘lini kesib, Zarafshon daryosi bo‘ylab o‘tadi va Urgut tumaniga boradi.
– Prezidentimizning tegishli qarori asosida shu yilning fevral oyida Samarqand shahri va Urgut tumanini bog‘lovchi temiryo‘l qurilishiga kirishildi, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati kapital qurilish direksiyasi muhandis texnologi Dilshod To‘laganov. – Loyiha 2 ta temiryo‘l vokzali, 2 ta temirbeton ko‘prik va 55 kilometr temir yo‘l izlarini o‘z ichiga oladi. Shu paytgacha Jartepa va Urgut tumani markazidagi vokzallarda 65 foiz ishlar bajarildi, 34 kilometr masofaga temiryo‘l izlari yotqizildi. Ikkita ko‘prikda ham qurilish ishlari 85 foizga yetdi. Bu yumushlar 100 dan ortiq texnika, 300 nafardan ko‘proq quruvchi va mutaxassislar tomonidan tunu kun jadal olib borilmoqda. 55 kilometr masofada ikkita temiryo‘l vokzali qurilishining boisi bor, albatta. Jartepa vokzali Tojikiston bilan chegara yaqinida (masofa bor-yo‘g‘i 500 metrni tashkil etadi) qurilmoqda va bu kelgusida qo‘shni davlat fuqarolarining yurtimizga kelib, temiryo‘ldan foydalangan holda sayohat qilishlari yoki o‘zlari ko‘zlagan boshqa manzillarga yetib olishlariga qulay sharoit yaratadi. Qolaversa, bu ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini keskin oshirishga xizmat qiladi. Buning uchun Jartepa va Urgut vokzallari hududida yuk qabul qilish va jo‘natishga mo‘ljallangan yirik shoxobchalar tashkil etiladi. Urgutga temiryo‘l tortishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri ham shu aslida, ya’ni tuman tadbirkorlarining o‘z mahsulotlarini temiryo‘l orqali xorijga eksport qilishlariga imkoniyat yaratish.
Qurilish mas’ulining aytishicha, ish shu zaylda davom etsa, loyihani amalga oshirish joriy yilning avgust-sentyabr oylarida yakuniga yetkaziladi. Kelgusi yilda esa ushbu temiryo‘l tarmog‘i elektrlashtiriladi.
– Mazkur ob’yektda stansiyamizning hamda Buxoro, Qo‘ng‘irot, Toshkent va Qo‘qon mintaqaviy temiryo‘l uzellarining ishchi-xodimlari bir necha oydan buyon fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilmoqda, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati 166-yo‘l mashina stansiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdushukur Xolnazarov. – Ular yordamida bir kecha-kunduzda 2,5 kilometrgacha temiryo‘l izlari yotqizilmoqda va ayni paytda mazkur tarmoqning 34-kilometrida ishlarni davom ettiryapmiz. Nasib etsa, yaqin kunlarda Urgut temiryo‘l vokzaligacha bo‘lgan masofada temir izlar yotqizib, Samarqand va Urgutni bog‘lovchi temiryo‘l liniyasi qurilishini yakuniga yetkazamiz. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilayotgan ushbu temiryo‘l nafaqat Urgut tumani yoki Samarqand viloyati, balki butun mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun istiqbolli loyiha hisoblanadi va biz bu ishga hissa qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz.
Ayni paytda temiryo‘l izlari Jartepa vokzaliga yaqinlashib qolgan va o‘z navbatida vokzalda “O‘zbekiston temiryo‘llari” aksiyadorlik jamiyati maxsus mexanizatsiyalashgan unitar korxonasi bunyodkorlari tomonidan ishlar jadal sur’atlarda davom ettirilmoqda.
Urgut temiryo‘l vokzali esa mamlakatimiz temiryo‘l tarmog‘i tarixida ilk bor xususiy tadbirkor tomonidan qurilayotgan ob’yekt sifatida qayd etiladi.
– Urgutga temiryo‘l kirib kelishi biz, tadbirkorlar uchun juda katta qulaylik, – deydi Urgut tumanidagi “SamNegin” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Anvar Temirov. – Chunki hozirda chetdan yuk olib keladigan bo‘lsak yoki o‘zimiz ishlab chiqargan mahsulotni temiryo‘l orqali xorijga chiqaradigan bo‘lsak, uni Samarqand yoki Zarafshon temiryo‘l stansiyasiga yuk avtomashinalarida olib borishimiz yoki olib kelishimizga to‘g‘ri keladi. Mazkur temiryo‘l esa bu muammoga barham beradi va yuklarimizni shu yerda qabul qilishimiz, jo‘natishimiz mumkin bo‘ladi. Bundan tumanimizning, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining barcha tadbirkorlari xursand, albatta. Shuning uchun davlatimiz rahbarining bizga bo‘lgan juda katta e’tiborlariga javoban Urgut temiryo‘l vokzalini o‘z korxonamiz hisobidan qurib, “O‘zbekiston temiryo‘llari”aksiyadorlik jamiyatiga berishga qaror qildik. Shu bilan birga, ushbu hududni xalqimiz va sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan yaxlit kompleksga aylantirish maqsadida bu yerda avtovokzal, zamonaviy IT-park, sharqona restoran va ekobozor, ta’lim va tibbiyot muassasalari barpo etishni rejalashtirganmiz.
Ko‘p yillar davlat va jamoat tashkilotlarida ishlagan va hozirda mehnat faxriysi sifatida tuman hayotida faol ishtirok etayotgan Olim Hoshimov Urgutga temiryo‘l kelishini tuman ahli intiqlik bilan kutayotgani, o‘zi ham kunda-kun ora qurilish ob’yektlariga borib, jarayonni hayajon bilan kuzatayotganini ta’kidladi.
– Urgutimizga xudoyim taoloning nuri barokoti tushib, Prezidentimizning tashabbuslari bilan juda katta o‘zgarishlar bo‘lyapti, - deydi Olim Hoshimov. – Prezidentimiz davlat rahbari sifatida 2016 yilda tumanimizga kelganlarida tadbirkorlar faoliyati bilan tanishib, Urgutni erkin iqtisodiy zonaga aylantirish, ishbilarmonlar uchun juda katta imkoniyatlar yaratish bo‘yicha tashabbuslarni bildirgan edilar. Ko‘p o‘tmay, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish bo‘yicha farmon qabul qilindi. O‘sha uchrashuvda Prezidentimiz yaqin yillarda Urgutga temiryo‘l tortilishi haqida ham aytgandilar va mana, bugun bu niyatlar amalga oshmoqda. Temiryo‘l bu – iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi juda katta kuch. Bu tadbirkorlarimiz imkoniyatlarini bir necha karra oshiradi, tumanimiz iqtisodiyoti rivojlanadi. Iqtisod rivoji esa hudud infratuzilmasi yaxshilanishi, aholi farovonligi oshishiga xizmat qiladi. Sakson yoshga kirayotgan nuroniy sifatida aytishim mumkin, bunaqa davrni ko‘zi ochiq, yuzi yorug‘ odam ko‘rib, havas qiladi. Men shunday fidoyi Prezidentimiz borligidan faxrlanaman. Ishonamanki, xalqimiz bu inson boshchiligida yana ko‘p ezgu ishlarni ko‘radi, yuksak natijalarga erishamiz.
G‘olib HASANOV,
Alisher ISROILOV (surat).