Vazifaga vijdonan yondashish kimlargadir yaxshi ko‘rinish degani emas

Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi ellik beshinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya ishini Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi. 

Dastlab, viloyat saylov komissiyasi raisi S.Nuriyevning xalq deputatlari viloyat Kengashida bo‘shab qolgan deputatlik o‘rni uchun 2022 yil 9 yanvar kuni o‘tkazilgan saylov natijalari bo‘yicha 40-Ulus saylov okrugidan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi” davlat muassasasi Nurobod hududiy boshqarmasi direktori Muratov Anvarjon Himoyatovich eng ko‘p ovoz olib, deputatlikka saylangani haqidagi axboroti tasdiqlandi.

A.Muratov viloyat Kengashining sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi tarkibiga kiritildi.

Shundan so‘ng, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini markazlashgan ichimlik suvi hamda oqova xizmati bilan ta’minlash manzilli ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risidagi, viloyat mahalliy byudjetning 2021 yil daromadlari va xarajatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi hamda mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.

Eng ko‘p murojaat kommunal soha bilan bog‘liq

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasi mudiri M.Turdiyev 2021 yil davomida viloyatdagi sektorlar va tashkilotlar rahbarlarining aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash holati yuzasidan axborot berdi. 

– Viloyat, shahar va tumanlardagi Xalq qabulxonalariga o‘tgan yilda 22 ming 540 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu 2020 yilga nisbatan 5327 taga ko‘p demakdir, – deydi M.Turdiyev. – Jumladan, Samarqand shahridan 1662 nafar, Samarqand tumanidan 394, Urgut tumanidan 283, Past Darg‘om tumanidan 210 nafar fuqaro murojaat qilgan.  

Eng ko‘p murojaat (2698 ta) gaz, elektr energiyasi va suv ta’minoti bilan bog‘liq bo‘ldi. Shuningdek, moddiy yordam olish (2106 ta), aliment undirish (1709 ta), ish bilan ta’minlash (1622 ta), uy-joy va yer ajratish (1163 ta), pensiya va nafaqa tayinlash (1117 ta)ga oid masalalar ham ko‘p qayd etildi. 

Tuman va shahar sektor rahbarlari tomonidan 2021 yil davomida 2149 ta ommaviy sayyor qabul o‘tkazilgan. Viloyat bo‘yicha Ishtixon, Bulung‘ur va Past Darg‘om tumanlari sektor rahbarlari tomonidan ommaviy sayyor qabullar boshqalarga nisbatan kam o‘tkazilgan.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasi mas’ullari tomonidan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 28-moddasida belgilangan talablarga rioya qilinmagan. Oqibatda xalq ta’limi boshqarmasiga yuborilgan 8 ta, elektr tarmoqlari korxonasiga yuborilgan 60 ta murojaatning o‘ttiz kunlik muddati buzilgan va bugungi kunga qadar javoblari tizimga kiritilmagan.

Shuningdek, 2021 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida barcha mahallalarda ham belgilangan ishlar amalga oshirilmagan. Xususan, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Urgut tumanlari va Samarqand shahridan ko‘plab fuqarolar suv, elektr energiyasi, gaz va yo‘l masalasida murojaat qilib, boshlangan ishlar oxiriga yetkazilmaganligini bildirgan.

58 ta arxeologiya merosi ob’yektlari buzilishi oqibatida davlatga 1 trillion 58 milliard so‘m zarar yetkazilgan

Viloyat hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i R.Qobilov viloyatda joylashgan moddiy-madaniy meros ob’yektlari va madaniy boyliklarni aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, asrash va ulardan oqilona foydalanish, muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining but saqlanishi holati to‘g‘risidagi axborotida shu haqda ma’lum qildi. 

R.Qobilovning aytishicha, bugungi kunda viloyatimizda 1607 ta moddiy-madaniy meros ob’yekti mavjud. 

Joriy yilning boshida Paxtachidagi Dabusiya, Urgutdagi Jartepa va Sulaymontepa, Samarqand tumanidagi Kofirqal’a arxeologiya madaniy meros ko‘chmas mulk ob’yektlarini “Ipak yo‘li: Zarafshon daryosi va Qayroqqum yo‘nalishi” bo‘yicha YuNESKO umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha taklif tayyorlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 martdagi “Moddiy-madaniy meros ob’yektlari va YuNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatdagi 1607 ta moddiy-madaniy meros ob’yektlari Madaniy meros ob’yektlarining elektron portaliga kiritildi. Samarqand shahri, Oqdaryo, Jomboy, Bulung‘ur, Nurobod, Urgut va Qo‘shrabot tumanlarining arxeologiya madaniy meros ob’yektlarining katalogi shakllantirildi.

2021 yilda Samarqand shahridagi So‘fi Roziq va Ko‘k masjid majmualarida 1 milliard 663 million so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Hozirda Bibixonim, “Chorsu” savdo gumbazi, Ulug‘bek rasadxonasi va Qo‘shhovuz masjidida konservatsiya va restavratsiya ishlari boshlangan.

Aholiga huquqiy yordam zarur

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) mintaqaviy vakilligining 2021 yilda amalga oshirgan ishlari yuzasidan mintaqaviy vakil I.To‘xtasinovning axboroti eshitildi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yil davomida mintaqaviy vakillikka fuqarolardan 20 ta, Ombudsman kotibiyatidan 6 ta, jazoni ijro etish muassasalaridan 2 ta murojaat kelib tushgan. Bu murojaatlarning 6 tasi ishga qayta tiklash va ishga joylashish, 4 tasi uy-joy bilan ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan. 6 murojaatda sud jarayonlarida Ombudsmanning bevosita ishtiroki so‘ralgan. Shu va boshqa murojaatlar belgilangan tartib asosida ko‘rib chiqilgan.

– Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) bilan hamkorlikda viloyatimizdagi jazoni ijro etish muassasalari va vaqtincha saqlash hibsxonalariga monitoring tashrifi uyushtirildi, – dedi I.To‘xtasinov.

Viloyat adliya boshqarmasi bosh­lig‘i S.Nuriyevning viloyatda norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati yuzasidan 2021 yil yakunlari hamda joylarda huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning ahvoli to‘g‘risidagi axborotida keltirilishicha, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish sohasida adliya boshqarmasi tomonidan viloyat hokimligining 15 ta, tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan tuman (shahar) hokimliklarining 57 ta normativ-huquqiy tusga ega bo‘lgan qaror loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, ularning 55 tasiga ijobiy xulosalar berilgan, 17 tasi belgilangan talablarga javob bermaganligi uchun qaytarilgan.

Bugungi kunda mahalliy hokimlik­lar tomonidan qabul qilinadigan har qanday qaror va farmoyishlar elektron shaklda “E-qaror” tizimida e’lon qilib borilmoqda. Bugungi kunga qadar ushbu tizim orqali 2732 ta hokim qarorlari, 1501 ta hokim farmoyishi hamda 1882 ta Kengash qarorlari qabul qilingan.

Yil davomida adliya organlariga fuqarolardan kelib tushgan 6154 ta murojaatning 3692 tasi qanoatlantirildi, 2020 tasiga huquqiy tushuntirish berildi va 442 ta murojaat vakolat doirasida ko‘rib chiqish uchun tegishli organlarga yuborildi.

“Aqlli” hisoblagich “aqlsizlik”larni aniqlashga yordam bermoqda

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali rahbari A.Muhammadiyev “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotida qayd etishicha, viloyatda 281 ming 750 ta elektron gaz hisoblagich uskunalari o‘rnatish va ASKUG tizimini joriy etish belgilangan. 2022 yilning 18 yanvar holatida 153 ming 143 ta gaz hisoblagich shahar va tumanlarga yetkazilib, ularning 149 ming 757 tasi o‘rnatildi. Gaz hisoblagichlarning barchasi Italiyaning “Terranova” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ma’lumotlarni qayta ishlash bazasiga ulanib, gaz ta’minoti korxonalarida “onlayn” rejimda masofadan nazorat qilinmoqda. Bu esa to‘lov madaniyati oshishi va tabiiy gazdan maqsadli hamda oqilona foydalanishga yordam bermoqda. 

Ammo ayrim tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan mazkur onlayn hisoblagichlardan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik, tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish holatlari ham uchramoqda. Jumladan, Narpay va Payariq tumanlaridagi avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shoxobchalarining ikkitasida hisoblagichdan foydalanilmasligi oqibatida 6 milliard so‘mlik tabiiy gaz noqonuniy ravishda sotilgani ma’lum bo‘ldi va mazkur shoxobchalar egalariga nisabatan tegishli choralar ko‘rildi.

Viloyat hokimi Nuroboddagi eski noutbuk masalasiga munosabat bildirdi

Sessiya chog‘ida viloyat hokimi E.Turdimov ushbu haftada keng muhokamalarga sabab bo‘lgan Nuroboddagi “Bir million dasturchi” tanlovi g‘oliblariga eski noutbuk berilganini tanqid qildi.

- Mana shu masalani ko‘tarib chiqqan jurnalist va blogerlarga rahmat. Bundan rahbarlar xulosa qilishi kerak. Tanqid qilgan odamni yomon ko‘rish kerak emas, ko‘tarilgan muammoni hal etishi lozim.

Tanlovni o‘tkazishga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani uchun tuman hokimining yoshlar siyosatiga mas’ul o‘rinbosariga dastlab hayfsan berilgandi. Ammo kecha vazifasidan ozod etdik.

Bunday tadbirlarni soxta obro‘ orttirish, kimlargadir yaxshi ko‘rinish uchun o‘tkazmaslik kerak, - dedi Erkinjon Turdimov.

Sessiyada Kengash vakolatiga doir boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.