Xalq ta’limi vaziri ta’lim tizimini qattiq tanqid qildi va qator tavsiyalar berdi
Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov hududlardagi mavjud holat va muammolar yuzasidan fikr almashish maqsadida hududiy xalq ta’limi boshqarmalari rahbarlari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, ularni hal etish yo‘llari tahlil qilindi.
Xususan, vazir har bir hududiy rahbar o‘z hududi bo‘yicha barcha mavjud muammolarni bilishi lozimligi, qancha maktab mavjud bo‘lsa, kerak bo‘lsa har birining holati bilan tanish bo‘lishi shart ekanligini qayd etdi.
“Vazifaga kirishganimdan beri 3 ta hududda bo‘ldim, ahvol qoniqarli emas. Sizlar kerak bo‘lsa hududingizdagi har bir maktabni bilishingiz lozim. U yerda mavjud muammolar, ularni hal etish yo‘llari sizda bo‘lishi kerak. Faoliyatingizni o‘rganib, menda yuzaga kelgan birinchi savol nega hamma viloyatda ko‘rsatkich har xil? Faoliyatingizni taqqoslab bir-biringiz bilan raqobat qiling, raqobat bo‘lgan joyda albatta taraqqiyot bo‘ladi", deya ta’kidladi vazir.
Shuningdek, o‘zgarishni o‘zingizdan boshlang. Hududingizda mavjud pedagogika Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan uchrashuvlar tashkil qiling, yaxshi pedagoglarni izlab toping, professional o‘z ishini yaxshi biladigan pedagoglaringiz ishtirokida boshqa o‘qituvchilaringizga mahorat darslarini tashkil qiling, deya tavsiya berdi.