Xalq vakillari xalqimizga xizmat qilishi kerak

Viloyat hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar, majlisda ma’qullangan qonunlar va ko‘rib chiqilgan boshqa masalalar yuzasidan qabul qilingan qarorlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, xalq deputatlari mahalliy kengashlari faoliyatini kuchaytirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Oliy Majlis Senati a’zolari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari, ijro etuvchi hokimiyat vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari ishtirok etgan majlis videoselektor tarzida o‘tkazildi.

Samarqand viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi E.Turdimov, Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Z.Nizomxodjayev Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yigirmanchi yalpi majlisdagi nutqida parlament yuqori palatasi va mahalliy Kengashlar, senator va deputatlar faoliyati haqida bildirilgan tanqidiy fikrlar, ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar hamda belgilab berilgan vazifalarning ahamiyatiga to‘xtaldi.

– Davlatimiz rahbari Senat faoliyatida yechimini kutib turgan bir qator muhim masalalarga e’tiborimizni qaratdi, – dedi Z.Nizomxodjayev. – Ya’ni, yuqori palata qonunchilik faoliyatida, ishni to‘g‘ri tashkil qilishda talabchanlik va jonkuyarlik, tashabbuskorlik va izchillik yetishmayotgani qayd etildi. Senatning parlament nazoratiga oid amaldagi vakolatlaridan to‘liq foydalanilmayotgani, keyingi 4 yil davomida atigi 10 ta parlament so‘rovi yuborilgani ham tanqid qilindi. Haqiqatdan ham ushbu parlament so‘rovlari yoki vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitish yuzasidan qabul qilingan chora-tadbirlar, dasturlar ijrosiga yetarli darajada e’tibor qaratilmagani ayon bo‘lmoqda. Bu borada biz ko‘proq mahalliy kengashlar deputatlariga tayanamiz. Afsuski, hozirda bu hamkorligimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, deb ayta olmaymiz. Shuningdek, hududlar manfaatlari hisobga olingan holda masalalarni ko‘rib chiqish borasida ko‘zga ko‘rinarli ishlar qilinmagani ta’kidlandi. To‘g‘ri, o‘tgan yildan boshlab, viloyat hokimlarining hududlarni rivojlantirish, mahalliy kengashlar faoliyati yuzasidan hisobotlarini eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Ammo bu hisobotlardan so‘ng ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalarning ijrosi e’tibordan chetda qolmoqda. Bu ham bizning mahalliy Kengashlar bilan yaqin hamkorlikda ishlamayotganimiz oqibatidir. Chunki, Senat – Oliy Majlisning hududiy vakillik palatasi. Senatorlarimiz mahalliy Kengashlar deputati hisoblanadi va o‘sha hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, odamlar turmush tarzi, ularni o‘ylantirayotgan masalalardan yaxshi xabardor. Ammo ana shu xabardorlik faoliyatimizda sezilmayapti.

Yig‘ilishda senatorlar, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, bir qator takliflarni bayon etdi. Jumladan, davlat va hududiy dasturlar ijrosi  ustidan mahalliy Kengashlar va deputatlarning ta’sirchan nazoratini o‘rnatish, ijro hokimiyati organlarining hisobotlarini muntazam eshitib borish va belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlash, deputatlar faoliyatiga reyting asosida baho berish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

– Olti oydan buyon Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi vazifasida ishlab, haqiqatdan ham mahalliy Kengashlarda deputatlarining faolligi sezilmayotganiga guvoh bo‘lyapman, – deydi Oliy Majlis Senati a’zosi G.Alimova. – Xotin-qizlar masalalari, ular manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyatimizga deputatlarni jalb etishga harakat qilyapmiz, ammo natija kutilgandek emas. Ko‘pchilik deputatlarimiz o‘z saylovchilari bilan, o‘zlari mansub partiya elektorati bilan tizimli ishlashni yo‘lga qo‘ymagan. Axir ular ko‘proq aholi orasida bo‘lib, hududlardagi muammolarni, odamlarning dardu tashvishlarini deputatlik guruhlari yoki doimiy komissiyalarda muhokama qilishlari, sessiyalar kun tartibiga olib chiqishlari va bu borada Senat bilan hamkorlik qilishlari lozim. Shuningdek,  qabul qilinayotgan qonunlar mazmun-mohiyati, davlat va jamiyat hayotidagi ahamiyatini xalqimizga yetkazishda ham mahalliy Kengashlardan saylangan senatorlar, deputatlar faol bo‘lishlari zarur.