Xitoy yirik loyihani amalga oshirishda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti bilan hamkorlik qiladi

Xitoy Xalq Respublikasining “TIANJIN KAITENG INVESTMENT GROUP CO. LTD” kompaniyasi vakili, professor Vang Vendjiye Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga kelib, rektor va professorlar bilan muloqotda bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur kompaniya ayni kunda respublika Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi (Kegeyli tumani)da ko‘p tarmoqli klaster shaklida qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish parkini yaratish loyihasini amalga oshirmoqda. Ilmiy ishlab chiqarish parki, aniqrog‘i, klasteri chorvachilik xo‘jaliklarini innovatsion rivojlantirish hamda veterinariya preparatlari va chorva mollariga ozuqa, ozuqa qo‘shimchalarini ishlab chiqarish, mineral o‘g‘itlar va terini qayta ishlash zavodlari, logistikani birgalikda takomillashtirishni nazarda tutadi.

Professor institut jamoasiga yirik shoxli qoramollar, krivetka va Pekin o‘rdagini ko‘paytirishni maqsad qilgan chorvachilik xo‘jaliklarida ishni tashkil qilish, klaster loyihasini amalga oshirishda qaysi jihatlarga e’tibor qaratilishi va loyihadan ko‘zlangan iqtisodiy samaradorlik haqida o‘z taqdimotini ma’lum qildi.

Mazkur yirik loyihani amalga oshirishda mintaqadagi yagona va ixtisoslashgan OTM mutaxassislari va talaba-yoshlariga talab va ehtiyoj kuchayishi tabiiy hol. Loyihaning Samarqand veterinariya meditsinasi bilan bog‘liq jihatlari esa ilmiy va amaliyot bilan uzviy bog‘liqligi ta’kidlandi.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti axborot xizmati.