Yo‘llarda sun’iy notekislik qay tartibda o‘rnatiladi?

Bugun aholi gavjum joylarda, xususan, maktab, bolalar bog‘chasi, oshxona va masjidlar oldidagi yo‘lda transport harakatining tezligi soatiga 30 kilometrdan oshmasligi belgilangan. Bu borada tegishli belgilar ham o‘rnatilmoqda. Ammo hamma haydovchi ham bu qoidaga amal qilavermaydi.

Qolaversa, yo‘llardagi tig‘iz harakat sabab qayd qilingan joylarda bir tomondan ikkinchi tomonga o‘tishda piyodalar, ayniqsa, bolalar uchun qiyinchilik tug‘diradi.

Shu bois, mazkur muammoni hal qilish maqsadida ko‘pgina ta’lim muassasalari va boshqa aholi gavjum bo‘ladigan joylarda transport harakati tezligini cheklash maqsadida qo‘lbola bordyurlar o‘rnatilmoqda.

Xo‘sh, ko‘chadagi tezlikni cheklovchi to‘siqlar aslida qanday bo‘lishi kerak? Uni kim o‘rnatadi? Xalq deputatlari viloyat Kengashining sanoat, transport, qurilish, kommunal xo‘jalik va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi tomonidan ushbu masala jiddiy o‘rganilmoqda.

Deputat fikri: Yo‘l o‘rtasidagi bordyurlar zamonaviy bo‘lishi kerak

- Doimiy komissiyamizga kelgan murojaatlar tahliliga ko‘ra, maktab, bolalar bog‘chasi, oshxona va masjidlar oldidagi yo‘lda transport harakati tezligini cheklash maqsadida svetofor o‘rnatish bo‘yicha taklif, talab va arizalar ko‘paygan, - deydi komissiya raisi O‘ktam Saidmurodov. - O‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatyaptiki, mahalla va guzar yo‘llariga ham svetofor o‘rnatish transport harakatiga xalaqit beradi. Chunki ayrim jamoat joylarida kunning muayyan vaqtidagina qatnov tig‘iz bo‘ladi, xolos. Qolaversa, bitta svetofor 50-80 million so‘m atrofida ekanligini hisobga olsak, bu ortiqcha xarajatga sabab bo‘lishi mumkin.

Muammoning yechimi sifatida viloyatimizda ham transport harakatini tartibga soluvchi xalqaro, zamonaviy usullarni qo‘llash vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Ya’ni, yuqorida aytilgan jamoat joylari oldidan o‘tuvchi yo‘lga maxsus notekislik qo‘yish kerak.

Bu borada viloyat avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasiga deputatlik so‘rovi yubordik.

Mutaxassis javobi: Masala hududiy hokimliklarning vazifasi

Deputatlik so‘roviga viloyat avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi bosh muhandisi R.Isakov imzosi bilan kelgan javobga ko‘ra, masala hududiy hokimliklar tomonidan ko‘rib chiqilib, hal etilishi kerak.

Tahririyatdan: Deputat so‘roviga berilgan javob xatida viloyat avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi bitta sun’iy notekislikning loyiha-smetasi qancha so‘m miqdorda hisoblangani haqida ma’lum qilmagan. Shuningdek, mutaxassis bu borada joriy yil uchun qancha mablag‘ ajratilgani ham ochiq qoldirilgan. Tabiiyki, shu paytgacha qancha notekislik o‘rnatilgani va yil oxirigacha qancha o‘rnatilishi noma’lum.

“Sun’iy to‘siqlar aholining xavfsizligi hamda avtotransport vositalarining bir maromda harakatlanishi va piyodalar bilan avtotransport vositalarining oldini olish maqsadida o‘rnatiladi.

Avtomobil yo‘lining qatnov qismi kengligi bo‘yicha 5-7 santimetr balandlikda bo‘ladigan sun’iy yo‘l qoplamalari sun’iy yoritish chiroqlari bilan ta’minlangan joylarda o‘rnatilishi belgilangan.

Viloyat avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llarida ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari hamda ajratilgan mablag‘lar asosida sun’iy notekisliklar o‘rnatish ishlarini boshlagan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, xo‘jaliklararo avtomobil yo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalari shahar, tuman hokimliklari balansida hisoblanadi hamda ularni rivojlantirish ham mahalliy hokimliklar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Bu ish tegishli tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi”, deyiladi javob xatida.

(javob xati ilova qilinadi)

PS: Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan mazkur masala hududiy hokimliklar vazifasiga kirishi oydinlashgach, Samarqand shahar hokimligi ham bu borada o‘zining pozitsiyasini, aniq rejalarini bildiradi, degan umiddamiz.