Yoshlar jinoyati nega ko‘paymoqda?

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 4 oyida viloyatimizda qayd etilgan 2242 ta jinoyatning 508 tasi 661 nafar yosh tomonidan sodir qilingan. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan 61,8 foizga yoki 194 taga ortgan.

Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Husan To‘xtayev bilan suhbatimiz ushbu raqamlar, bu holatning sababi, oqibatlari, yechimlari haqida bo‘ldi.

- Husan aka, tahlillar viloyatda sodir etilgan har to‘rtinchi jinoyatda yoshlarning qo‘li borligini ko‘rsatmoqda. Samarqand yoshlarining yetakchisi sifatida buni qanday izohlaysiz?

- Albatta, bu juda yomon ko‘rsatkich. Lekin u bugungi yoki kechagi muammo emas. Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik yillar davomida ortib kelmoqda va bunga turli omillar sabab bo‘lmoqda. Misol uchun, yoshlarimizning huquqiy savodxonligi bugungi talabga javob bermaydi. Qonunni buzayotganlarning aksariyati harakatining oqibatini o‘ylab ham ko‘rmagan, buning uchun qonunchiligimizda qanday jazo chorasi belgilanganligini bilmaydi. Bunga kuzatuvlarim davomida ko‘p amin bo‘lganman.

Ikkinchidan, mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarni to‘liq ish bilan ta’minlay olmayapmiz. Bugun Samarqandda rasmiy ishsiz yoshlar bor-yo‘g‘i 2542 nafar bo‘lsa, mehnatga layoqatsizlar 16304 nafar, o‘z ixtiyoriga ko‘ra ishlamaydiganlar 17515 nafar va umuman ishlash niyati yo‘qlar 274 ming nafardan ortiqni tashkil etadi. Bular daromad manbai yo‘q yoshlardir. Xo‘sh, ishsiz, daromadsiz yoshlar pul topishning muqobil yo‘lini izlab ko‘rmaydi, deb o‘ylaysizmi? Xalqaro tajribadan ma’lum, yoshlar ilojsizlikda o‘z iqtidorini yomon maqsadda ishlatishi mumkin. Fikrlarimga isbotni jinoyatchilik tahlilida ham ko‘rishingiz mumkin. O‘tgan davrda yoshlar o‘rtasida asosan firibgarlik va o‘g‘irlik jinoyatlari ko‘paygan.

Yana bir achchiq haqiqat shuki, uyushmagan yoshlar bilan ishlash masalasiga uzoq yillar davomida e’tibor qaratilmadi. Mahallalardagi asl holatni bilmadik. Yoshlarning bandligini ta’minlash, vaqtini to‘g‘ri yo‘naltirish, ijtimoiylashuviga erishish, degan tushunchalar endigina ishlay boshladi. Tabiiyki, o‘rtadagi bo‘shliqda unib-ulg‘aygan nihol o‘z “hosil”ini bermay qo‘ymaydi. Buni anglashimiz, xulosa qilishimiz kerak.

- Ayrim mutaxassislar jamiyatimizda ijtimoiy me’yorlar aniq belgilanmaganligi sababli ham yoshlar jinoyatchiligi ortyapti, deyishmoqda. Siz bunga qanday qaraysiz?

- Bu fikrda ham jon bordir, biroq nazoratning kuchaytirilishi yoshlarni “qolip”ga solib qo‘ymaydimi? Ular erkin fikrlashi kerak, shu bilan birga, qadriyatlarimiz, qonunlarimizga itoat qilishni majburiyat emas, burch, sharaf deb bilishi lozim. Biz tarbiyani shunday mukammal qilishimiz kerakki, ijtimoiy me’yorlarni qog‘ozga tushirish, tasdiqlashga hojat qolmasin. Agar gap faqat me’yorda bo‘lsa, hozir bor me’yorlarimizga amal qilinganda ham jinoyatchilik bu qadar ko‘paymagan bo‘lardi. Bundan kelib chiqadiki, biz nazorat mexanizmini kuchaytirishni emas, borini ishlatishni o‘rganishimiz kerak.

- Bugun har bir mahallada yoshlar yetakchisi bor. Ularning asosiy vazifalaridan biri huquqbuzarlik sodir etishga moyil yoshlar bilan tizimli ishlash hisoblanadi. Xo‘sh, nega bu yo‘nalishdagi ishlar kutilgan samarani bermayapti?

- Mahallalardagi yoshlar yetakchilari faoliyatini boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmadi. Ularning birinchi ishi mahallasida “Yoshlar balansi”ni shakllantirish, yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritish bo‘ldi. O‘tgan qisqa vaqtda bu vazifalar yakunlanib, kim bilan, qanday ishlashimiz kerakligini bilib oldik.

Yetakchilar salohiyatiga kelsak, ularning o‘zi yosh, tajriba to‘plashi kerak. O‘zingiz o‘ylang, 22 ga kirgan qiz bola yetakchimiz jazoni ijro etish muassasasidan qaytgan 29 yoshli mahalla zo‘ravoniga gap uqtira oladimi? Barcha muammoni yetakchilar gardaniga yuklab bo‘lmaydi. Ularni tadbirlar, hisobotlar bilan ko‘mib tashlash, qo‘lidan kelmaydigan ishga jo‘natib, tomoshabin bo‘lib turish tizimni ishdan chiqaradi. Yoshlar masalasi umummilliy masala. Unga nafaqat ota-ona, ta’lim muassasasi, yetakchilar, balki har bir fuqaro mas’ul ekanligini unutmasligimiz kerak.

Yetakchilarimiz yosh bo‘lsa-da, harakat qilyapti, tajriba to‘playapti. Albatta, mahallasidagi yoshlarni birlashtira olmagan, yetakchilik qilolmaganlar bilan mehnat shartnomalari bekor qilinadi. Ularning o‘rnini munosib yoshlar egallashi kerak. Saralash ishlari allaqachon boshlab yuborilgan. Ishonchim komil, bu bosqichlardan o‘tib olsak, yetakchilar hududlarda yoshlar siyosatini amalga oshirishda eng muhim bo‘g‘inga aylanadi.

- Yetakchilar tomonidan tarbiyasi og‘ir, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning oilalari o‘rganilganmi? Bunday yoshlar bilan qay tartibda ishlanmoqda?

- Ayni kunda viloyatimizda alohida nazoratda turuvchi yoshlar 697 nafar, probatsiya hisobidagilar 155 nafar, jazoni ijro etish muassasasidan qaytganlar 79 nafar, notinch oilalardagi yoshlar 164 nafarni tashkil etadi. Bundan tashqari, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganligi sababli “himoya orderi” olgan, o‘z joniga qasd qilishga moyil yoshlar ham bor. Ularning har biri alohida yondashuv, munosabatni talab qiladi. Bu yo‘nalishda yetakchilarimiz mahalla faollari, profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda ishlamoqda. Shu kungacha tegishli ro‘yxatga kiritilgan har bir yosh va ularning oila a’zolari bilan suhbat o‘tkazilib, oilalardagi ijtimoiy, psixologik muhit portreti shakllantirilgan. Shu asosda bunday yoshlarni qiziqishiga qarab ta’lim, kasb yoki sportga yo‘naltirish, bo‘sh vaqtini maqsadli tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. O‘ylaymanki, tez orada sa’y-harakatlarimiz o‘z samarasini beradi.

- IIB ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan to‘rt oyda oliy ta’lim muassasalari talabalari tomonidan 30 ta jinoyat sodir etilgan. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 4 ta bo‘lgan. Tabiiy savol tug‘iladi: yoshlar yetakchilarining mahallaga “ko‘chirilishi” ta’lim muassasalari bilan aloqaning uzilishiga olib kelmadimi?

- Oliy ta’lim muassasalarida yoshlar yetakchisi lavozimi tugatilishi barobarida tyutorlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ilgari butun boshli institutda bitta yetakchi bo‘lgan bo‘lsa, endi har 100 talabaga bitta tyutor, har bir fakultetga bitta yetakchi biriktirilgan. To‘g‘ri, endi maktablarda yoshlar yetakchisi shtati yo‘q. Lekin maktab direktorining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, psixolog, targ‘ibotchilar bor. Bu jihatdan biz yutdik. Negaki, yoshlar yetakchisi endi ikki orada sarson bo‘lmay, mutaxassislar bilan hamkorlik qiladi. Jarayonni yanada samarali tashkil etish maqsadida ta’lim muassasalari bilan tegishli memorandumlarni imzolanganmiz.

Masalaning yana bir tarafi bor. Talabalar o‘rtasida jinoyatchilik ortyapti, deyapmiz. Lekin negadir oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalarini inobatga olmayapmiz. 2016 yilda respublikamizda faqat 9 foiz yoshlar oliy ta’limga qamrab olingan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 28 foizdan ortdi. Viloyatimizda 2016 yilda 20 mingga yaqin talaba bo‘lgan, bugun-chi, ular 70 mingdan ko‘p. Bundan tashqari, oliy ta’limda kechki, sirtqi ta’lim yo‘nalishlari ochildi. O‘qishini xorijdan ko‘chirib kelgan talabalar ko‘paydi. Biz uning kim ekanligi, maqsadi, xulqi, dunyoqarashini qayerdan bilamiz? Bir yilda 7-8 ming talaba o‘qishini Samarqanddagi OTMlarga ko‘chirmoqda. Buni ham hisobga olish kerak.

- Viloyatimizda yoshlar bilan ishlash tizimini qanday baholaysiz? Mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlik faqat qog‘ozda bo‘lmayaptimi?

- Samarqandda yoshlar siyosati viloyat hokimi darajasida muhokama qilinadi. Har hafta o‘tkaziladigan hokimlik soatining asosiy qismi aynan shu masalaga bag‘ishlanadi. Hozir mahallalarni yoshlar jinoyati soniga qarab, yashil, sariq va qizil toifaga ajratgan holda ishlayapmiz. Shuningdek, boshqarma va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan. Ayni vazifalar doirasida mahallalardagi faol, yetakchilik qobiliyatiga ega yoshlardan iborat “Qalqon” guruhlarini tashkil etdik. Bu guruhlar “egri” yo‘lga kirgan yoki shunga moyilligi bor tengdoshlari bilan ishlaydi. Bundan tashqari, profilaktika inspektori bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Agar barchamiz bir yoqadan bosh chiqarsak, yoshlar jinoyati degan muammodan qutulamiz. Ayni vaqtda shuning ustida ishlayapmiz va tez orada natijaga erishamiz.

Asqar Barotov suhbatlashdi.