“Zarafshon” milliy tabiat bog‘idagi noqonuniy holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Aniqlanishicha, 2021-2022 yillarda bog‘ hududidan 39,8 gektar yer maydoni 57 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga ijara bitimi va shartnomalarga asosan dam olish maskani qurish uchun ajratib berilgan.

Samarqanddagi ushbu bog‘da Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.To‘xtaboyev boshchiligidagi ishchi guruh tegishli qonun hujjatlari ijrosini o‘rganib, bir qator qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganini aniqlagan.

Xususan, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yer uchastkalari faqatgina xususiy buyurtma qo‘riqxonalar hamda tabiiy pitomniklar tashkil etish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga berilishi mumkinligi belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, milliy tabiat bog‘i mansabdor shaxslari tomonidan 2021-2022 yillarda bog‘ hududidan 39,8 gektar yer maydoni 57 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga ijara bitimi va shartnomalarga asosan dam olish maskani qurish uchun ajratib berilgan.

Oqibatda ijarachilar tomonidan 8.015 metr kvadrat yer uchastkasidagi butalar va o‘simlik dunyosi nobud qilinib, noqonuniy ravishda qurilish ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun fuqarolarga 115,6 gektar yer maydoni noqonuniy berib yuborilgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.