@zarafshonbot ga murojaat: Masjidga boradigan yo‘limiz qachon ta’mirlanadi?
Rosti, bu haqida uch yildan beri rahbarlarga murojaat qilamiz. Gap shundaki, ko‘p yildan buyon katta magistral yo‘ldan bizning Amirobod mahallamizdagi jome masjidigacha bo‘lgan Misit ko‘chasining 800 metrlik qismi nochor ahvolda. Qishda loy, yozda chang.
Masjidda Amirobod, Saroy hamda boshqa mahallalar ahli, hatto M-37 katta magistral yo‘ldan o‘tayotgan xorijlik sayyohlar namoz o‘qiydi.
12-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari ham qishin-yozin shu yo‘ldan qatnaydi.
Shu bilan birga masjidda bomdod va xufton namozlarini ado etish uchun borayotgan yoshi ulug‘ namozxonlarga ko‘chaning qorong‘uligi noqulaylik tug‘dirmoqda.
To‘g‘ri, 2019 yilda hokimlikka murojaat qilganimizdan keyin yo‘limizning bir qismiga tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Ammo aynan masjidga yaqin hudud qorong‘i.
Bizni qiynayotgan muammo yechimi bo‘yicha shu yil 15 iyul kuni Paxtachi tumani 3-sektor rahbari, tuman IIB boshlig‘i S.Ortiqovga murojaat qildik. Ammo u kishi “Vaqtim yo‘q”, deb bizni qabul qilmadi. Sektor rahbari bizga quloq solmasa, kimga murojaat qilaylik? Tuman yoki viloyat hokimi eshigini taqillataylikmi?
Meyli Xalilov,
Paxtachi tumani, Amirobod mahallasi.
***
R/S: Mazkur murojaat yechimi yuzasidan Paxtachi tumani
mas’ullari bilan bog‘langanimizda "Bu muammodan xabarimiz bor. 800 metrlik yo‘lni asfalt qilish maqsadida 2022 yil dasturiga kiritish uchun hujjat qilinmoqda", degan javobni oldik.
Meyli Xalilov bilan telefon orqali bog‘lanib, bu haqda aytganimizda bu gapga ishonmasligini bildirib, bizga 2019 yilda tuman IIB boshlig‘i vazifasida ishlagan B.Sanaqulovning 2019 yil 6 dekabrdagi xati nusxasini jo‘natdi.
Unda B.Sanaqulovning fuqarolar tomonidan yo‘llangan murojaatga berilgan javob xatida Amirobod mahallasi Misit ko‘chasiga asfalt yotqizish ishlari 2019 yil hamda 2020 yil davlat dasturiga tushganligi, ushbu yo‘lga 2020 yil yakuniga qadar asfalt yotqizilishi aytilgan.
Afsus, dasturga kiritilgan bo‘lsa, nega haligacha qilinmadi. 2019-2020 yil tugul 2021 yilning 8 oyi o‘tyaptiki, dasturdan darak yo‘q. Endi esa otaxonlarni 2022 yildan umidvor qilishmoqchi.
"Aldagani otaxonlar yaxshi", degan aqidaga amal qilayotgan Paxtachi tumani mutasaddilariga insof bersin-da ishqilib.