100 ta jo‘ja boqib, kambag‘allikdan chiqish mumkinmi?
Ishtixon tumanida kambag‘allikni qisqartirish chorasi sifatida ushbu qatlamning qo‘liga baliq emas, qarmoq berish ishlari boshlab yuborildi. Jumladan, o‘tgan hafta so‘nggida birinchi sektor hududidagi mahallalarda parrandachilik yo‘nalishida faoliyat boshlab olishlari uchun 50 oilaga go‘sht yetishtirishga moslashgan 100 donadan jo‘ja tarqatildi.
Mazkur yo‘nalish bo‘yicha yaqin kunlarda birinchi sektor hududida 15 mahalladagi xonadonlarga tarqatiladi. Shuningdek, bu xonadonlarga jo‘jalarni boqish uchun 500 ming so‘mdan subsidiya ham beriladi. Parranda boqish faoliyatidan bexabar bo‘lgan xonadon egalari uchun tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar biriktiriladi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Birgina shu 100 dona jo‘jani boqib, kambag‘alchilikdan chiqish mumkinmi? Yo‘q albatta. Jo‘jalar parvarishlanib, bo‘lgach, mazkur xonadon egalarining faoliyati kengaytirilib, qo‘ychilik, chorvachilik yo‘nalishlariga o‘tkaziladi. Albatta, bu jarayonda tuman hokimligi tomonidan amaliy yordam ko‘rsatib boriladi.
Shuningdek, avvaldan dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelgan bir qancha insonlar uchun dehqonchilik qilib, mahsulot yetishtirishlari uchun tuman hududidagi deyarli qarovsiz qolgan yerlardan ajratilib, xususan, sholi yetishtirish uchun yer va subsidiyalar ajratiladi.
Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati.