Endi Paxtachi tumanida ham yurakdagi stent amaliyoti bajariladi
Paxtachi tumani tibbiyot birlashmasi M-37 “Ashxobod-Toshkent” avtomagistral yo‘li yaqinida joylashgan. Tuman tibbiyot birlashmasi bugungi kunda 152 mingga yaqin aholi, shuningdek, Narpay, Kattaqo‘rg‘on tumanlari hamda qo‘shni Navoiy viloyati aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.
Birlashma hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filiali o‘rtasidagi masofa 141 kilometr, Kattaqo‘rg‘on politravma markazi orasidagi masofa esa 56 kilometr. Shu bois markazni Paxtachi tumani tibbiyot birlashmasi binosiga joylashtirish maqsadga muvofiq, deb topilgan.
Birlashmaning 25 o‘rinli shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi 4 qavatli binoning 1-qavatida joylashgan. Statsionar va portativ rentgen apparatlari uchun maxsus xonalar, binoning qabul bo‘limi kirish qismida angiograf apparati uchun joy mavjud. MSKT apparatini ishlatish uchun mutaxassis bor, “Angiograf” apparatini ishlatish uchun esa 2 nafar mutaxassisni tayyorlash rejalashtirilgan. Ikkinchi qavatda 3 ta operatsion xona, 9 ta reanimatsion o‘rinlar va 50 ta politravma o‘rinlari tayyorlangan.
***
Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi grant loyihasi asosida tayyorlandi.